add

Forish tumanida hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi

17.08.2025 | 17:0049593

Jizzax viloyatida davlat xizmatchisi yer maydoni bilan bog‘liq noqonuniy bitim orqali pora talab qilgani fosh etildi.

Forish tumanida hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Forish tumani hokimi o‘rinbosari qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan MCHJ tomonidan auksionda yutilgan 204 gektar sug‘oriladigan yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarmaslik va kelgusida undan erkin foydalanish imkonini ta’minlash uchun pora talab qilgan. U joriy yil iyun oyida tadbirkordan umumiy 30 ming AQSH dollari olishni shart qilib qo‘ygan. Hokim o‘rinbosari dastlab 20 ming dollarni hozir berishi, qolgan 10 ming dollarni esa hosil yig‘imidan so‘ng to‘lashi kerakligini aytgan. U pulning dastlabki qismini o‘z xizmat avtomashinasida qabul qilib olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tekshiruv natijasida mazkur mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgani bildirildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani qayd etildi. Tergov jarayoni yakunlangach, hokim o‘rinbosarining qilmishi sudda ko‘rib chiqiladi.

Teglar

Mavzuga oid