add

Fransiya Bosh vaziri musulmon qizlar uchun ro‘mol o‘rash taqiqiga qarshi chiqdi

27.05.2025 | 21:454904

Fransiya Bosh vaziri Fransua Bayru sobiq vazir Gabriel Attalning 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarga ro‘mol o‘rashni taqiqlash taklifini qattiq tanqid qildi. U buni musulmonlarga nisbatan adolatsiz va amalga oshirilishi murakkab g‘oya deb atadi.

Fransiya Bosh vaziri musulmon qizlar uchun ro‘mol o‘rash taqiqiga qarshi chiqdi
Fransiyada bosh vazir Fransua Bayru 28 may kuni bergan intervyusida Prezident Makron partiyasi rahbari Gabriel Attal tomonidan bildirilgan ro‘mol o‘rashni taqiqlash taklifini keskin tanqid qildi. Attal yaqinda 15 yoshdan kichik bo‘lgan qizlar uchun ro‘mol o‘rashni taqiqlashni taklif etgan edi. Attalning bu taklifi Misrdagi «Ixvon-ul-muslimiyn» («Musulmon birodarlar») guruhi bilan bog‘liq insonlar Fransiya jamiyatiga singib, fundamentalizmni tarqatmoqda, degan hisobot bildirilgan. Hisobotda yosh qizlar orasida ro‘mol o‘rash holatlari misol sifatida keltirilgan. Fransua Bayru RMC radiostansiyasiga bergan intervyusida ushbu hisobotda ayrim foydali ma’lumotlar borligini tan olgan bo‘lsa-da, bu muammoning haqiqiy ko‘lami hali to‘liq baholanmaganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, «Fransiyada qonunga itoat qiluvchi musulmon jamoasini hurmat qilgan holda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish kerak.» Attal Fransiyada abaya — uzun, keng kiyimlarni maktablarda taqiqlashda ham ishtirok etgan bo‘lib, uning bu so‘nggi taklifi mamlakatdagi musulmon aholi orasida keskin tanqidga sabab bo‘ldi. Bayru bu taklif jamoani chetlatish xavfini keltirib chiqarishini va amaliy jihatdan bajarilishi mushkul ekanini ta’kidladi. «Ko‘chada politsiya qizlarga: pasportingni ko‘rsat, yoshingni bilishim kerak, deb murojaat qiladimi?» — deb so‘radi u tanqidiy tarzda. Prezident Makron esa dushanba kunigi bayonotida mamlakatda islomchi guruhlar ta’siri xavfi borligini tan oldi, ammo bu masala orqali «haddan tashqari shubha va fitnachilik muhiti» yaratilishidan ogohlantirdi. Gabriel Attalning bu taklifi amalga oshishi ehtimoli past, chunki u na bosh vazir Bayru, na o‘z partiyasi ichida to‘liq qo‘llab-quvvatlanmayapti. Ta’lim vaziri Elizabet Born ham bu chora konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid