add

Fransiya o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi

Bugun 19:002 daqiqa

Fransiya hukumati bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Fransiya o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi

Fransiya kelasi yilning 1-sentabridan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashni rejalashtirgan. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur tashabbus parlamentda 2026 yil yanvar oyida muhokama qilinishi kutilmoqda.

«Franceinfo» nashriga ko‘ra, qonun loyihasida ikki asosiy taklif ilgari surilgan. Birinchi taklif 15 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlashni nazarda tutadi. Ikkinchi taklif esa o‘rta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni cheklashga qaratilgan. Manbalar ta’kidlashicha, hujjat Yevropa Ittifoqi qonunchiligi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasida keltirilishicha, ko‘plab tadqiqotlar o‘smirlar tomonidan raqamli ekranlardan haddan tashqari foydalanish salbiy oqibatlarga olib kelayotganini tasdiqlagan. Hukumat ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq asosiy xavflar qatoriga nomaqbul kontent ta’siri, internetda bulling holatlarining ko‘payishi hamda uyqu rejimining buzilishini kiritmoqda.

Shuningdek, hujjatda Fransiyada 2018 yildan beri maktabgacha ta’lim muassasalaridan tortib o‘rta sinflargacha mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangani eslatib o‘tilgan. Biroq amalda ushbu qoidaga to‘liq rioya etilishini ta’minlash doimo ham oson emasligi qayd etilgan.

Bu tashabbus xalqaro amaliyot bilan ham uyg‘unlashmoqda. Xususan, dekabr oyi boshida Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqladi. U yerda Facebook, Instagram va TikTok kabi platformalar voyaga yetmaganlar akkauntlarini o‘chirib tashlashi shart etib belgilandi. Qonun talablariga rioya etilmagan taqdirda yirik miqdorda jarimalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid