
Fransiya va Germaniya Yevroittifoqdan «Lukoyl»ga sanksiya talab qilmoqda
09.09.2025 | 09:3026203
Fransiya va Germaniya Yevropaga «Lukoyl»ga qarshi sanksiya kiritishni taklif qildi. Bu Rossiyaga qarshi saksiyalarning 19-paketi doirasida amalga oshirilishi mumkin.

Fransiya va Germaniya Yevropaga qo‘shma tarzda murojaat qilib, Rossiyaning yirik xususiy neft kompaniyasi — «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qilmoqda. Bu taklif Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi tayyorlanayotgan sanksiyalarining 19-paketi doirasida ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar berdi RTBF.
Hujjatda ta’kidlanishicha, neft va gaz sotuvi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushdagi asosiy moliyaviy manbaalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, Parij va Berlin neft savdosining markazida turgan kompaniyalar, uchinchi davlatlar va moliyaviy mexanizmlarga nisbatan bosimni kuchaytirishni zarur deb hisoblamoqda.
«Lukoyl» nafaqat Rossiyadagi yetakchi neft ishlab chiqaruvchilardan biri, balki Yevropa Ittifoqida ham, jumladan Belgiyada, o‘z yonirlg‘i quyish stansiyalariga ega. Fransiya va Germaniya ushbu infratuzilmani ham tahdid sifatida baholamoqda.
Bundan tashqari, taklifda uchinchi davlatlar orqali amalga oshirilayotgan sanksiyalardan qochish holatlari — masalan, Rossiya neftini qayta ishlab, boshqa davlatlar manbasi sifatida YeIga qayta sotish amaliyoti tanqid qilinadi. Bu holatga qarshi aniq mexanizmlar taklif etilmoqda.
Hujjatda Rossiya tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlatilayotgan moliyaviy sxemalarga ham e’tibor qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, Rossiyadagi 250 ga yaqin kichik bank ushbu transaksiyalarda faol ishtirok etmoqda va bu orqali harbiy xarajatlar moliyalashtirilmoqda.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda Qozog‘istonni ayblab, unga qarshi ikkilamchi cheklovlar joriy etish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edik.





