
Fransiyada kriptobiznesmenlarga qarshi hujum holatlari avj oldi
20.05.2025 | 16:453744
So‘nggi oylarda Fransiyada kriptovalyuta sohasi vakillari va ularning yaqinlariga qarshi bir necha bor o‘g‘irlash va tajovuz holatlari qayd etildi. Vazirlik bu holatlarni bog‘liq harakat sifatida baholamoqda.

Fransiyada kriptovalyuta sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va ularning oila a’zolariga nisbatan ko‘payib borayotgan tajovuzlar va o‘g‘irlashlar mamlakat ichki ishlar vazirligini ham tashvishga soldi. So‘nggi oylarda beshtaga yaqin shunday hujum qayd etilgan.
13 may kuni Parijda Paymium kriptobirjasi hammuassisi Piyer Nuazning qizi va ikki yoshli nabirasi o‘g‘irlashga urinilgan. Tajovuzchilarga qarshilik ko‘rsatilgan va ularning harakati muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Bu voqeadan so‘ng, 16 may kuni ichki ishlar vaziri Bryuno Retayo kriptokompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yanvar oyida esa Ledger kriptokoshelek ishlab chiqaruvchi kompaniyaning hammuassisi David Ballan va uning xotini o‘g‘irlandi. Ballanning sheriklaridan 10 mln yevro talab qilingan. Bir videoda unga tajovuz qilingani, hatto barmog‘i kesilgani aks etgan. Ballan kuch bilan ozod qilindi, xotini esa keyinchalik tovon evaziga qutqarilgan.
Politsiyaga ko‘ra, ushbu hujumlarning aksariyati Telegram va Signal messenjerlari orqali aloqa qiladigan yosh jinoyatchilar guruhlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Jinoyatchilar qurbonlarning shaxsiy ma’lumotlarini oldindan aniqlab oladi. Ko‘plab kriptofoydalanuvchilarning ma’lumotlari oldingi yillardagi ma’lumotlar oqib ketishidan keyin internetda ochiq qolgan.
Shuningdek, Fransiyada rasmiy kompaniyalar reyestrlarida tadbirkorlarning uy manzillari ko‘rsatilishi, shuningdek, kriptomulkdorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi ularni oson nishonga aylantiradi.
Fransiyadagi bu holatlar global tendensiyaning bir qismi hisoblanadi. 2024 yil iyulida Estoniyada avstraliyalik kriptomulkdor Tim Hitni o‘g‘irlashga urinish bo‘lgan. AQSHning Florida shtatida esa kriptovalyutaga ega bo‘lgan fuqarolarga qarshi zo‘ravonlik bilan boylikni o‘g‘irlashni maqsad qilgan 12 kishidan iborat guruh mahkum etilgan.





