Logo

Xorijdagi o‘zbekistonliklarga 850 ming dollar ish haqi undirib berildi

Bugun 15:301 daqiqa

Migratsiya agentligi to‘qqiz oyda xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar foydasiga 850 ming dollar ish haqi va kompensatsiya undirib berdi. Murojaatlarning asosiy qismi Rossiya, Turkiya va Janubiy Koreyadan kelib tushgan.

Xorijdagi o‘zbekistonliklarga 850 ming dollar ish haqi undirib berildi © TASS

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar foydasiga 850 ming dollar ish haqi va kompensatsiya undirib berildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida ish haqi va kompensatsiyalarni undirish bo‘yicha 817 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan. Natijada xorijiy ish beruvchilardan tegishli mablag‘lar undirilib, fuqarolarga qaytarilgan.

Murojaatlarning eng ko‘pi Rossiyadan kelib tushgan. Ushbu davlatda ishlayotgan o‘zbekistonliklardan 533 ta murojaat qabul qilingan. Turkiyadan 155 ta, Janubiy Koreyadan 92 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Boshqa davlatlar hissasiga 37 ta murojaat to‘g‘ri kelgan.

Hujjatlar ham qaytarildi

Hisobot davrida yana 532 nafar o‘zbekistonlikning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari vositachilar va xorijiy ish beruvchilardan qaytarib olingan.

Davlatlar kesimida Rossiyada 331 nafar, Turkiyada 185 nafar, Qozog‘istonda 11 nafar va Janubiy Koreyada besh nafar fuqaroning hujjatlari qaytarilgan.

Migratsiya agentligi xorijda mehnat faoliyati davomida qiyin vaziyatga tushgan fuqarolarni yordam so‘rab murojaat qilishga chaqirdi. Buning uchun 1282 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish yoki «@huquqiy_yordam_uzbot» Telegram botiga yozish mumkin. Murojaatlar kecha-yu kunduz qabul qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid