add

Fransiyada Luvr muzeyini tunagan guruhning ikki a’zosi qo‘lga olindi

26.10.2025 | 20:004522

Parij politsiyasi Luvrdagi 88 mln yevrolik shohona zeb-ziynatlar o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha ikki gumonlanuvchini hibsga oldi. Ulardan biri aeroportda Jazoirga qochmoqchi bo‘lgan paytda tutilgan.

Fransiyada Luvr muzeyini tunagan guruhning ikki a’zosi qo‘lga olindi

Fransiya politsiyasi Luvr muzeyida sodir etilgan jinoyat — qirollik kolleksiyasidan qimmatbaho zeb-ziynatlar o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq ikki gumonlanuvchini qo‘lga oldi.

Jinoyat 19 oktyabr kuni Parij markazida, muzey ish boshlagan zahoti amalga oshirilgan edi. Ikki kishi lift-narvon yordamida Apollon galereyasiga kirib, qirollik kolleksiyasidagi vitrinani sindirgan. Yana ikki sherigi esa qochish uchun tayyorlangan skuterlarda pastda kutgan. Ular Fransiya toji zeb-ziynatlaridan umumiy qiymati taxminan 88 mln yevrolik sakkizta buyumni o‘g‘irlab ketgan.

BFMTV telekanali manbalariga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri 25 oktyabr kuni kechqurun Ruassi — Sharl-de-Goll aeroportida Jazoirga parvoz qilish arafasida hibsga olingan. Ushbu operatsiya chegara politsiyasi va banditizmga qarshi kurash brigadasi tomonidan amalga oshirilgan. Ikkinchi gumonlanuvchi oradan bir necha daqiqa o‘tib Sen-Deni shahrida qo‘lga olingan, u Maliga ketishni rejalashtirayotgan bo‘lgan.

JDD nashri yozishicha, har ikki gumonlanuvchi ham Sena-Sen-Deni departamenti aholisi bo‘lib, ilgari ham o‘g‘irlik va talonchilik ishlari bo‘yicha politsiyada ro‘yxatda turgan. Ular bir necha kun mobaynida kuzatuvda bo‘lgan, chunki tergovchiga ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘irlangan zeb-ziynatlar chetga olib chiqilishi ehtimoli bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar tajribali ijrochilar bo‘lib, buyurtma asosida ishlagan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Hozir politsiya hujumda ishtirok etgan yana ikki shaxsni qidirmoqda. Poxish etilgan qimmatbaho buyumlarning taqdiri noma’lum. Mutaxassislarning fikricha, ular Fransiya hududidan olib chiqib ketilgan yoki alohida toshlarga ajratib sotilgan bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid