
Fridrix Mers Putin bilan muzokaralar samarasiz bo‘lganini e’lon qildi
28.05.2025 | 08:3021123
GFR kansleri Fridrix Mers Rossiya bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘nggi muzokaralar natijasiz yakunlanganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hozircha urush olovini to‘xtatishdan manfaatdor emas va Yevropada uzoqqa cho‘ziluvchi urushga tayyorgarlik ko‘rilishi lozim.

Mers bu haqda Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo bilan Turku shahrida o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida gapirdi. «Men bu urush tez yakun topadi, deb o‘ylamaganman. Kreml hozir muzokara o‘tkazishga hech qanday qiziqish bildirmayapti», — dedi kanslerning so‘zlarini keltirmoqda dpa agentligi.
Urushning tez orada tugashi ehtimoli past ekanini aytgan Mers, odatda bunday mojarolar iqtisodiy yoki harbiy zaiflik tufayli to‘xtaydi, ammo bu holatda bunga hali ancha borligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa uzoq muddatli qarshi turishga tayyor turishi kerak.
Kansler, shuningdek, Ukraina o‘zini himoya qilishni davom ettirishi shartligini va Germaniya unga yordam berishni to‘xtatmasligini aytdi. Uning fikricha, Rossiya urushda o‘z hisobiga xato yo‘l qo‘ygan va so‘nggi yillarda Yevropa birdamligi mustahkamlangan. NATO esa Shvetsiya va Finlandiya qo‘shilganidan keyin yanada kuchaygan.
«1990 yildan keyin Rossiya bilan birga barpo etilgan siyosiy tartib-qoidalar shubha ostida qoldi. Biz tahdid ostidamiz va o‘zimizni himoya qilyapmiz», — dedi Mers. Uning fikricha, Rossiya faqat hududlar uchun emas, balki kengroq maqsadlar bilan urush olib bormoqda.
Shu bilan birga, Mers Kiyevga G‘arbdan yetkazilayotgan quroldan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish haqidagi bayonotiga ham izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, bu yangilik emas — qaror bir necha oy avval qabul qilingan.





