
Fuqarolar o‘z nomiga kredit olishni o‘zlari taqiqlashlari mumkin
09.06.2025 | 15:2521662
2025 yil 6 iyundan boshlab O‘zbekiston fuqarolari o‘z nomlariga kredit rasmiylashtirilishini ixtiyoriy ravishda taqiqlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu norma mart oyida qabul qilingan «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi qonunga asosan joriy etilmoqda.

Qonunga muvofiq, jismoniy shaxslar «kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar» reyestriga o‘z arizalari bilan kiritilishlari yoki istagiga ko‘ra undan chiqarilishlari mumkin. Bunday tashabbus fuqarolarni aldamchilik holatlaridan muhofaza qilish va moliyaviy xavflarni kamaytirishga qaratilgan.
Arizalarni yagora interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda topshirish mumkin. Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali ham elektron yoki yozma ko‘rinishda ariza yuborish imkoni mavjud.
Ushbu mexanizm fuqarolarga o‘z kredit xavfsizligini mustaqil ravishda nazorat qilish va nomiga ruxsatsiz kredit rasmiylashtirish holatlarining oldini olish imkonini beradi. Bu nafaqat shaxsiy moliyaviy xavfsizlikni ta’minlaydi, balki kredit tashkilotlari faoliyatini ham shaffoflashtiradi.





