add

Fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni talab etish bekor qilinadi

06.09.2025 | 11:3011934

Shavkat Mirziyoyev adliya tizimida davlat xizmatlarini raqamlashtirish va soddalashtirish bo‘yicha muhim islohotlarni ma’qulladi.

Fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni talab etish bekor qilinadi
Prezident 5 sentyabr kuni adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda so‘nggi sakkiz yilda adliya sohasini zamonaviy tashkil etish maqsadida 70 ga yaqin qonun va qaror qabul qilingani ma’lum qilindi. Hududlarda 202 ta davlat xizmatlari markazi qurilib, 500 dan ortiq xizmat «bir darcha» asosida ko‘rsatila boshlangani qayd etildi. Biroq 200 dan ziyod xizmat hali ham eski tartibda amalga oshirilmoqda. Rejaga ko‘ra, kelgusi uch yilda davlat xizmatlari soni 900 taga yetkaziladi. Yil davomida 80 ta xizmat «uch qadam» tamoyili asosida soddalashtiriladi, aholi gavjum joylar va olis hududlarda 1 ming 100 ta interaktiv kiosk o‘rnatiladi. Eng muhimi, fuqarolardan talab qilinayotgan 30 turdagi hujjat bekor qilinadi. Masalan, FHDYO organlarida nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rik ma’lumotlari yoki harbiy xizmatga chaqirilayotganlarning turar joyi o‘zgarishi haqidagi hujjatlar so‘ralmaydi, bu ma’lumotlar elektron tizimlar orqali olinadi. Shuningdek, notarial xizmatlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli talab qilinmasdan, shaxsni Face-ID orqali aniqlash amaliyoti joriy etiladi. 2025–2027 yillarda 20 turdagi notarial harakat onlayn tartibda rasmiylashtiriladi. Taqdimotda sud-ekspertiza sohasini ham takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. Respublika sud ekspertiza markazida xizmatlar turi 64 taga yetgan bo‘lsa-da, hududlarda imkoniyatlar cheklangan. Shu bois, texnik bazani kuchaytirish va xizmat turlarini 25 tagacha oshirish rejalashtirilgan. Yangi yo‘nalish sifatida avtohalokatlarni 3D modellashtirish, video va fotoekspertizalar joriy etiladi. Prezident fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida «Aqlli targ‘ibot» va «Adliya TV» kabi loyihalarni ishga tushirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, vazirlik va idoralarga idoraviy hujjatlarni qabul qilish vakolati berilib, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish muddati ikki barobarga qisqarishi belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid