add

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati tarixda ilk bor toq yilda o‘tkazilishi mumkin

09.10.2025 | 23:5038021

FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatlarini yoz mavsumida emas, boshqa vaqtlarda o‘tkazish masalasi muhokama etilayotganini ma’lum qildi. Bu o‘zgarish turnirni toq yilga ko‘chirishi mumkin.

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati tarixda ilk bor toq yilda o‘tkazilishi mumkin
FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatlarini yoz mavsumida o‘tkazish an’anasini o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini aytdi. Bu haqda u The Guardian nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. «Gap faqat bitta jahon chempionati haqida emas, umumiy yondashuv haqida ketmoqda. Hatto ba’zi Yevropa davlatlarida iyul oyida futbol o‘ynash juda issiq bo‘ladi. Futbol uchun eng qulay oy — iyun, lekin u Yevropada kam ishlatiladi», — dedi Infantino. U oktyabr va mart oylarini «futbol uchun qulay va har qanday mamlakatda o‘ynash mumkin bo‘lgan oylar» sifatida tilga olib, taqvim masalasida ochiq mulohaza yuritishga chaqirdi. Ma’lumot uchun: 2034 yilgi jahon chempionatini Saudiya Arabistoni qabul qiladi. The Athletic yozishicha, ushbu musobaqa ham 2022 yilda Qatarda bo‘lgani kabi qishda o‘tishi mumkin. Biroq 2034 yilda Ramazon oyi noyabr—dekabr oylariga to‘g‘ri kelayotgani bois, jahon chempionati 2035 yilning yanvariga ko‘chirilishi ehtimoli bor. Eslatib o‘tamiz, navbatdagi jahon chempionati 2026 yilning iyun–iyul oylarida AQSH, Meksika va Kanadada o‘tkaziladi. Agar Saudiyadagi turnir 2035 yilga ko‘chirilsa, u holda jahon chempionati tarixda ilk bor toq yilda tashkil etiladi.  

Teglar

Mavzuga oid