
Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining asl kubogi Toshkentga olib kelindi
Bugun, 26-yanvar kuni 2026 yilgi jahon chempionatining oltin kubogi bilan dunyoni aylanayotgan samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.

26-yanvar mahalliy vaqt bilan soat 9:46 da Titan Airways aviakompaniyasining Olmaotadan amalga oshirilgan charter reysi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Coca-Cola tomonidan taqdim etilayotgan FIFA World Cup Trophy Tour doirasida «The Original Trophy Is Here» degan imzoga ega Airbus A320-233 samolyot FIFA Jahon chempionatining asl kubogini Toshkentga olib keldi.
To‘liq sof oltindan yasalgan ushbu kubok 6 kilogrammdan oshiqroq og‘irlikda bo‘lib, 1974-yilda yaratilgan. Kubok bilan birga futbol afsonasi, 2006 yilgi jahon chempioni Marko Materazzi ham O‘zbekistonga keldi.
Toshkent ushbu global marshrutdagi asosiy bekatlardan biri hisoblanadi. Ushbu tur O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy yutug‘i — mamlakatning ilk bor FIFA Jahon chempionati 2026 musobaqasiga yo‘l olgani munosabati bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadbir O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etilmoqda va minglab muxlislar uchun esda qolarli voqeaga aylanishi kutilmoqda. Minglab futbol muxlislar kubokni shaxsan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Ma’lumot uchun: ilk marta 2018-yilda Jahon chempionati kubogi Toshkentga olib kelingan edi.
Rasmiy sayohat 3-yanvar kuni Saudiya Arabistonida boshlangan bo‘lib, jami 75 ta manzilni qamrab olishi rejalashtirilgan. Shu paytgacha samolyot Vena, Seul, Tokio, Nya Trang va Kuala-Lumpur kabi Yevropa va Osiyoning o‘nlab shaharlariga tashrif buyurdi. Tur 2026-yil 11-iyundan 19-iyulga qadar bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati boshlanishigacha davom etadi.
Kubok haqida
To‘liq oltindan tayyorlangan Jahon chempionati kubogi 6,175 kilogramm vaznga ega bo‘lib, u 1974 yilda yaratilgan. Uning dizaynida Yer sharini baland ko‘tarib turgan ikki inson qiyofasi ifodalangan. Asl trofeyni ushlash faqatgina cheklangan insonlarga ruxsat etilgan: sobiq jahon chempionlari, ayrim davlat rahbarlari hamda FIFA Prezidenti bu huquqqa ega.
Jahon chempionati g‘oliblariga topshiriladigan ushbu kubok doimiy ravishda FIFA mulki hisoblanadi. Musobaqa yakunlangach, g‘olib jamoaga rasmiy marosimda asl kubok taqdim etiladi, keyin esa unga oltin qoplama bilan bezatilgan maxsus nusxa beriladi.


