
G7 mamlakatlari Rossiya nefti narxini 45 dollarga tushirishga tayyor
13.06.2025 | 08:3029514
G7 davlatlarining ko‘pchiligi Rossiya nefti uchun belgilangan 60 dollarlik yuqori narx chegarasini 45 dollarga tushirish tarafdori. Bu qaror AQSH prezidenti Donald Tramp norozi bo‘lsa ham qabul qilinishi mumkin.

G7ga a’zo davlatlarning katta qismi Rossiya nefti uchun amaldagi 60 dollarlik yuqori narx chegarasini 45 dollargacha pasaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, ushbu masala 15–17 iyun kunlari Kanadada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitida asosiy muhokama mavzulari qatorida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, neft narxini cheklash mexanizmi 2022 yil oxirida qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, uchinchi davlatlar Rossiya neftini faqat G‘arb sug‘urta kompaniyalari orqali va belgilangan narxdan yuqori bo‘lmagan holda xarid qilishlari mumkin. Bu chora Rossiyaning Ukrainadagi urushni moliyalashtirish imkoniyatini cheklashga qaratilgan.
Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya narxni pasaytirish tashabbusi bilan ilk bo‘lib chiqdi. Ular dunyoda neft narxining tushishi fonida amaldagi chegaraning samarasizligiga ishora qilmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, Yevroittifoq va Britaniya AQSH roziligisiz ham harakatga tayyor. Kanada, Yaponiya va boshqa Yevropa davlatlari ham bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shu bilan birga, AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bu yo‘nalishda o‘z shubhalarini bildirgan. Ammo AQSHdagi ayrim siyosiy doiralar, jumladan senator Lindsi Grehem, Rossiyaga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar va neft narxi chegarasini pasaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, YeI tomonidan sanksiyalarning 18-paketi tayyorlanmoqda. Unda nafaqat neft narxini 45 dollarga tushirish, balki «Shimoliy oqim» gaz quvurlaridan foydalanishni taqiqlash ham nazarda tutilgan. Shuningdek, Rossiyaning «xufiyona floti»ga mansub kemalar va bir necha banklar ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Muttaxassislar fikricha, AQSHning moliyaviy ta’siri katta bo‘lsa-da, Britaniyaning dengiz sug‘urtasi sohasidagi ustunligi va Yevroittifoqning tanker flotidagi roli qaror qabul qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmoqda.





