
G‘azoda 73 nafar falastinlik otib o‘ldirildi
03.07.2025 | 19:0011934
G‘azoda 3 iyul tongidan beri 73 nafar falastinlik Isroil qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgani xabar qilindi. Halok bo‘lganlarning 33 nafari go‘yoki gumanitar yordam olish uchun navbatda turgan oddiy fuqarolar bo‘lgan.

«Al Jazeera» nashri ma’lum qilishicha, G‘azo sektorida so‘nggi 48 soat ichida Isroil harbiylarining amalga oshirgan amaliyotlari natijasida 300 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ular orasida G‘azo gumanitar jamg‘armasiga murojaat qilgan 33 nafar tinch fuqaro ham bor. Guvohlarning aytishicha, odamlar oldindan ogohlantirilmasdan «asossiz otib tashlangan».
G‘azo rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, bu davr mobaynida Isroil qo‘shinlari 26 ta «qonli hujum» amalga oshirgan. Hududdagi favqulodda xizmatlar va shifokorlar otishmalar shiddati tufayli jabrlanganlarga yordam ko‘rsata olmagan.
Hozirda HAMAS harakati G‘azoda vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi takliflarni ko‘rib chiqmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil 60 kunlik sulhga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
BMT va inson huquqlari tashkilotlari vaziyatni o‘rganishda davom etmoqda. Associated Press agentligining surishtiruviga ko‘ra, gumanitar jamg‘arma tarmoqlarini qo‘riqlayotgan Amerika kompaniyalari xodimlari xavf mavjud bo‘lmagan holatlarda ham falastinliklarga nisbatan og‘ir kuch ishlatgani aniqlangan. Ular otishma, granata va qalampirli aerozollardan foydalangan.
«Haaretz» gazetasi esa Isroil armiyasi askarlari bilan o‘tkazgan so‘rov natijasida, ularga qurolsiz odamlarga, gumanitar yordam kutib turgan paytda, otish buyrug‘i berilganini yozgan.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabridan buyon davom etayotgan mojaro oqibatida G‘azoda 57 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 134 mingdan ko‘prog‘i jarohatlangan. Shu paytgacha Isroilda ham mingdan ziyod shaxs halok bo‘lgan va yuzlab fuqarolar asirga olingan.





