
G‘azoni endi kim boshqaradi?
10.10.2025 | 19:404385
HAMAS xalqaro aralashuvga yo‘l qo‘ymasligini aytdi - ammo AQSH va Britaniya allaqachon G‘azo uchun yangi hukumat ishlab chiqishni boshlagan.

Falastinning HAMAS harakati Isroil bilan urush tugaganidan keyin G‘azo sektori boshqaruviga chet el aralashuviga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. Bu haqda HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Usama Hamdan Al Arabi telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"G‘azo sektorini boshqarish milliy masala va biz xorijiy kuchlarning aralashishiga yo‘l qo‘ymaymiz", - deya ta’kidladi Hamdan AQSH prezidenti Donald Trampning rejasini sharhlar ekan. Rejada o‘t ochishni to‘xtatgandan so‘ng xalqaro kuchlarni eksklavga joylashtirish talab qilingan.
Trampning rejasi keyingi bosqichda uning rahbarligida Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyr ishtirokida xalqaro tashkilot tuzishni nazarda tutadi.
HAMAS rahbariyati urushdan keyin G‘azo sektorini tashqi boshqaruv g‘oyasini rad etdi. Reuters manbalariga ko‘ra, harakat nazoratni faqat Falastin ma’muriyati nazorat qiladigan va arab va musulmon davlatlari ko‘magida bo‘lgan Falastin texnokratik hukumatiga topshirishga tayyor.
G‘azo ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olish uchun xalqaro kengash tuzish bo‘yicha ilk muzokaralar shu hafta Parijda bo‘lib o‘tadi. HAMAS muzokaralarga taklif qilinmagan.
HAMAS kelishuv doirasida Isroil o‘z qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketishini va har ikki tomon asirlarni almashishini e’lon qildi. Harakat, shuningdek, Tramp hamda kafil davlatlar – Turkiya, Qatar va Misrni o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rioya etilishini ta’minlashga chaqirdi.
Harakat bayonoti Isroil va XAMAS o‘rtasida 9 oktyabr kuni Misrda erishilgan kelishuv fonida yangradi. Har ikki tomon Trampning tinchlik rejasining birinchi bosqichiga rozi bo‘ldi, ya’ni o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni almashish. Bitim Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirgan ikki yillik halokatli mojaroga barham berishi kutilmoqda.
Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida kelishuvlar imzolanganini e’lon qilib, ularni “barqaror va mustahkam tinchlik sari birinchi qadam” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, barcha garovga olinganlar "tez orada" ozod qilinadi va Isroil qo‘shinlari kelishilgan chiziqqa chekinadilar. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu hukumat yaqin kunlarda kelishuvni ma’qullashini tasdiqladi.





