add

«Gazprom» yana Yevropaga qaytishi mumkinmi?

14.05.2025 | 08:014204

Rossiya va AQSH vakillari Yevropaga Rossiya gazini yetkazib berishni tiklash imkoniyatlarini muhokama qilgan. Reuters agentligining manbalariga ko‘ra, bu muzokaralar Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan tinchlik bitimini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.

«Gazprom» yana Yevropaga qaytishi mumkinmi?
TRT Global nashriga ko‘ra, ikki asosiy ssenariy taklif etilgan: birinchisi, AQSH kompaniyalari «Gazprom» va Yevropa mijozlari o‘rtasida vositachilik qiladi; ikkinchisi, AQSH investorlariga «Shimoliy oqim» gaz haydash quvuri yoki «Gazprom»ning o‘zida ulush beriladi. Bu sxemalar Vashingtonga Rossiya gazining Yevropaga qancha miqdorda yetkazilishini nazorat qilish imkonini berishi mumkin. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu muzokaralarni rad etdi, ammo Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov aprel oyida Rossiya-Yevropa gaz tarmog‘i AQSH nazorati ostiga o‘tsa, «Gazprom» yangi egasi bilan shartnoma tuzishga tayyorligini bildirgan. Hozir Rossiya Yevropaga faqat «Turk oqimi» orqali gaz yetkazmoqda, bu esa faqat Vengriya va Slovakiya kabi bir necha davlatlarni qamrab oladi. Germaniya va Fransiyadagi kompaniyalar Rossiya gazini qayta import qilishga tayyorliklarini bildirgan. Fransiyaning Engie kompaniyasi rahbari Dide Ollo, agar Ukrainada «oqilona sulh» o‘rnatilsa, Rossiya gazining Yevropa Ittifoqi ehtiyojining 25 foizini qoplashini ma’lum qilgan. Biroq bu rejalarni amalga oshirish qiyin bo‘lishi mumkin. «Shimoliy oqim» gaz haydash quvurining to‘rtta liniyasidan uchtasi portlatilgan, qolgan bir liniyaga esa Germaniya hukumati tomonidan ruxsat olmagan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya gazining importini to‘liq taqiqlashni rejalashtirmoqda. Ana shu omillar Rossiya gaz quvurining ichiga taqalgan tosh kabi turibdi. «Gazprom» ilgari Yevropa gaz bozorining 40 foizini ta’minlagan, ammo hozir kompaniya daromadi keskin kamaygan. Forbes jurnalining 2023-yilgi reytingida «Gazprom» eng ko‘p zarar ko‘rgan Rossiya kompaniyasi, deb e’lon qilindi. TRT Global iqtisodchisi Yaroslav Romanchukning ta’kidlashicha, Rossiya gaziga bo‘lgan talab saqlanib qolgan, ammo siyosiy omillar Yevropa bilan hamkorlikni xavf ostiga qo‘yadi. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqining pozitsiyasi faqatgina Ukrainadagi urush yakunlanganda o‘zgarishi mumkin.  

Teglar

Mavzuga oid