
«Gazprom»ning Turkiyadagi loyihasi «tug‘ilmasdan o‘ldi»
18.08.2025 | 22:3036392
«Gazprom» rahbari Aleksey Miller Turkiyada gaz xabi barpo etish rejasi amalga oshmaganini tan oldi.

«Gazprom» rahbari Aleksey Miller Turkiyada gaz xabi loyihasining muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi. U bunga sabab qilib, xab operatori boshqaruvida o‘rinlarning uchdan ikki qismini Anqaraga berish taklifiga qaramay, turk hamkorlarining qiziqish bildirmaganligini ko‘rsatdi.
Ichki manbalarga ko‘ra, Miller va Rossiya Energetika vazirligi rahbari Sergey Sivilyov loyiha bo‘yicha ishchi guruhlarni tarqatib yuborgan. Loyiha «tug‘ilmasdan o‘lgan» deb baholandi, bu esa «Gazprom»ning Yevropa bozoridagi o‘z mavqeini tiklash imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.
Rossiya Federatsiyasi byudjetining neft-gaz daromadlari iyul oyida 27 foizga, yanvar-iyul oylari davomida esa 18,5 foizga pasaydi. Urals neftining narxi bir barrel uchun 60,4 dollar bo‘ldi. «Gazprom» kompaniyasining 2025 yil birinchi yarim yilligidagi zarari 10,7 milliard rublni tashkil etdi, daromadi esa 4 foizga oshib, 3,05 trillion rublga yetdi. Miller 2026 yilgacha o‘z lavozimini saqlab qolishi va islohotlarni amalga oshirishni va’da qilmoqda.





