add

«Gazprom»ning Yevropadagi davri yakunlanmoqda: Bolqondagi so‘nggi bozor AQSH gaziga o‘tadi

Kecha 11:582 daqiqa

AQSH kompaniyasi loyihasi Bosniya va Hersegovinani Rossiya gaziga to‘liq qaramlikdan chiqarishi mumkin, «Gazprom» esa Yevropadagi so‘nggi bozorini yo‘qotish arafasida.

«Gazprom»ning Yevropadagi davri yakunlanmoqda: Bolqondagi so‘nggi bozor AQSH gaziga o‘tadi

Ukraina Tashqi razvedka xizmati ma’lum qilishicha, Yevropa energetik xaritasida strategik siljish yuz bermoqda. Rossiyaning gaz monopolisti «Gazprom» Bolqon yarim orolidagi so‘nggi to‘liq nazorat qilib kelgan bozori — Bosniya va Hersegovinani yo‘qotishga tayyorlanmoqda.

Bosniya va Hersegovina hukumati AQSHning «AAFS Infrastructure and Energy» kompaniyasidan rasmiy niyatlar xati qabul qildi. «Southern Interconnection» deb nomlangan ushbu loyiha mamlakatning gaz ta’minoti tizimini tubdan o‘zgartirishni ko‘zda tutadi.

Ayni paytda Bosniya va Hersegovina gazni faqat «Turk oqimi» orqali oladi va to‘liq Rossiya ta’minotiga bog‘liq. Yangi quvur esa mamlakatni Xorvatiyadagi Krk orolida joylashgan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) terminali bilan bog‘lab, gazni dunyoning istalgan nuqtasidan sotib olish imkonini beradi.

 

AQSH quvuri loyihasi

«Southern Interconnection» qurilishi 2026 yilga rejalashtirilgan bo‘lib, umumiy qiymati taxminan 200 mln dollarni tashkil etadi. Loyiha faqat gaz quvuri bilan cheklanmaydi: AQSH kompaniyasi gaz elektr stansiyasi qurish, Sarayevo va Mostar aeroportlarini modernizatsiya qilish hamda ichki gaz tarmoqlarini kengaytirishni ham taklif qilmoqda.

Bu tashabbus Bolqonda energiya manbalari diversifikatsiyasini ta’minlab, «Gazprom»ning mintaqadagi monopol mavqeini amalda yo‘qqa chiqaradi. Shu bilan birga, Bosniya va Hersegovina uchun energetik xavfsizlik va narxlar bo‘yicha muzokaralarda yangi imkoniyatlar yaratadi.

 

«Gazprom»ning shoshilinch chekinishi

Yevrokomissiya va razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya gazining Yevropa bozoridagi ulushi rekord sur’atda qisqarmoqda. 2021 yilda Rossiya Yevroittifoq ehtiyojining 45 foizini (157 mlrd kub metr) ta’minlagan bo‘lsa, 2025 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 13 foizga (18 mlrd kub metr) tushib ketdi.

Ukraina orqali tranzit 2025 yil 1-yanvardan butunlay to‘xtatildi. «Shimoliy oqim» va «Yamal—Yevropa» quvurlari esa 2022 yildayoq ishdan chiqqan edi. Natijada, Rossiya har yili 90 mlrd kub metrdan ortiq gaz eksport qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

2026 yil 3-fevraldan kuchga kirgan qarorga muvofiq, Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya gazidan to‘liq voz kechishni yuridik majburiyat sifatida belgilab qo‘ydi. Bolqondagi ushbu loyiha mazkur strategiyaning amaliy ifodasi sifatida qaralmoqda.

Teglar

Mavzuga oid