
Germaniya kansleri Isroilning G‘azodagi harakatlarini keskin tanqid qildi
28.05.2025 | 08:159823
GFR kansleri Fridrix Mers 27 may kuni Finlandiyaning Turku shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Isroilning G‘azoga qarshi aviahujumlarini keskin tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi ommaviy harbiy amaliyotlarni endi «HAMASga qarshi kurash» bilan oqlash mumkin emas.

Mers ta’kidlashicha, Isroil harakatlarida izchillik qolmagan: «Men buni birinchi aytganlardan emasman, lekin endi jamoatchilik oldida ochiq aytish vaqti keldi — bu yuz berayotgan voqealar aqlga sig‘maydi». U, xususan, Isroil zarbalarining hozirgi kunda HAMASga qarshi kurash maqsadiga xizmat qilayotgani shubha ostida ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga qo‘shimcha ravishda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful ham G‘azodagi humanitar vaziyatdan tashvish bildirgan. Koalitsiyaning kichik hamkori — Sotsial-demokratik partiya vakillari esa Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Bundestagda tashqi siyosat bo‘yicha SDPG vakili Adis Axmetovich: «Nemis qurollari xalqaro huquq buzilishlarida yoki insonparvarlik falokatlarida qo‘llanmasligi kerak», — dedi.
Mersning bu bayonoti Germaniya siyosiy an’anasida katta burilish sifatida baholanmoqda. Isroil bilan tarixiy munosabatlar tufayli Germaniya rasmiylari odatda Tel-Avivni doimo himoya qilgan. Ammo so‘nggi voqealar tufayli bu pozitsiyada o‘zgarish kuzatilmoqda.
Civey so‘rovnomasiga ko‘ra, Germaniya fuqarolarining 51 foizi Isroilga qurol eksport qilishga qarshi ekanini bildirgan. Bu mamlakatda jamoatchilik fikrida ham jiddiy o‘zgarish borligini ko‘rsatadi.
Ushbu tanqidlar Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada Isroilga G‘azo bo‘yicha keskin ogohlantiruv berganidan bir hafta o‘tib yangradi.





