
Germaniya Rossiya bilan ehtimoliy urush uchun bunkerlar hozirlamoqda
09.06.2025 | 08:3016373
Germaniya hukumati Rossiya bilan ehtimoliy harbiy to‘qnashuv xavfiga qarshi ommaviy himoya choralarini ko‘ra boshladi.

Bu haqda « Suddeutsche Zeitung» nashriga bergan intervyusida Germaniya tabiiy ofatlar chog‘ida fuqarolik himoyasi va yordam ko‘rsatish federal agentligining rahbari Ralf Tisler ma’lum qilgan.
Tislerning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya hududidagi minglab bunker va boshpanalar qayta ta’mirlanmoqda. Ular mamlakatdagi fuqarolarni yadroviy, kimyoviy yoki an’anaviy qurollar bilan ehtimoliy zarbalardan himoya qilish uchun mo‘ljallangan. Rasmiy Berlin bu harakatlarini fuqarolarni ehtiyot qilish maqsadidagi tayyorgarlik, deb baholamoqda.
Bu bunkerlar 1990-yillargacha faol bo‘lgan, keyin esa foydalanilmay qolgan. Endi ular yangi xavfsizlik talablari asosida rekonstruksiya qilinmoqda. Germaniya ichki ishlar vazirligi va mudofaa idoralari ushbu loyihani 2025 yil oxirigacha to‘liq yakunlashni maqsad qilgan.
Hukumatning bu harakati so‘nggi oylarda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi keskinlashuv fonida amalga oshirilmoqda. Tahlilchilar bu choralar faqat himoyaviy maqsadda ekanini ta’kidlasalar-da, bu Yevropa mamlakatlarida xavotir kuchayib borayotganini ham ko‘rsatadi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, fuqarolarga bunkerlardan qanday foydalanish bo‘yicha maxsus qo‘llanmalar tarqatiladi va ommaviy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Shunday qilib Germaniya ehtimoliy inqirozga tayyorgarlik ko‘rishda ilk jiddiy qadamni tashlamoqda.
 
 





