add

Germaniya Rossiyadan Ukrainaga 500 mlrd yevro to‘lov talab qildi

11.07.2025 | 08:4532503

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiyani Ukrainadagi urush natijasida yetkazilgan 500 mlrd yevro miqdoridagi moddiy zararni qoplashga chaqirdi. Bu haqda u Rimda bo‘lib o‘tgan Ukraina tiklanishiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ma’lum qildi.

Germaniya Rossiyadan Ukrainaga 500 mlrd yevro to‘lov talab qildi
Germaniya hukumati rasmiy saytida keltirilishicha, Moskva reparatsiya to‘lamas ekan, uning muzlatilgan aktivlariga kirish huquqi ham tiklanmaydi. Mers ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi davlatlarida saqlanayotgan Rossiyaga tegishli yuzlab milliard yevro hajmidagi aktivlar muzlatilgan holda qoladi. Ulardan tushayotgan foyda esa Ukrainaga berilayotgan kreditlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tiklanishida faqat davlatlar emas, balki xususiy sektor ham faol ishtirok etishi shart. Mersning ta’biricha, bu Yevropada erkin bozor, siyosiy barqarorlik va energiya xavfsizligi uchun zarur. 2022 yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan so‘ng G‘arb mamlakatlari Rossiya Markaziy banki va Milliy farovonlik jamg‘armasi aktivlarini muzlatdi. Rossiyaning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil boshida mamlakat xalqaro zaxiralari 207 mlrd dollarlik yevro, 67 mlrd dollarlik AQSH dollari, 37 mlrd funt sterling va boshqa valyutalardagi 64 mlrd dollarni tashkil etgan. 2024 yilda G7 davlatlari ushbu muzlatilgan aktivlardan tushayotgan daromadni Ukrainaga ko‘mak sifatida yo‘naltirishga kelishib oldi. Bu mablag‘lar 50 mlrd dollarlik kreditni qoplashga xizmat qiladi. 2025 yil mart oyida AQSH Kongressining ikki partiya vakillaridan iborat guruhi Tramp ma’muriyatini Rossiya aktivlarining faqat foydasini emas, balki to‘liq 300 mlrd dollarlik aktivlarni Ukraina manfaatiga sarflashga chaqirdi. Ular G7 ittifoqchilarini ham shunday qat’iy choralarga undashni so‘radi. Yevropa Ittifoqi esa 2024 yil dekabridagi sammitda Moskva rasman reparatsiya to‘lashga rozi bo‘lmaguncha, aktivlar yechilmasligi haqida qaror qabul qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Germaniya Rossiyadan Ukrainaga 500 mlrd yevro to‘lov talab qildi | Vaqt.uz