
Germaniyada bank seyflari o‘marib ketildi
Germaniyaning Gelzenkirxen shahrida Sparkasse banki filialida minglab seyflar buzib ochildi, hodisa mamlakat tarixidagi eng yirik bank talonchiligidan biri bo‘lishi mumkin.

Germaniyaning g‘arbida joylashgan Gelzenkirxen shahrida Sparkasse banki filialida yirik bank talonchiligi sodir etildi. Handelsblatt nashrining yozishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxslar bank xazina qismiga kirib, taxminan 3200 ta seyfni buzib ochgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar binoga yerosti avtoturargoh orqali kirgan. Ular bir nechta xizmat xonalarini buzib o‘tib, arxiv xonasi bilan xazina o‘rtasidagi devorda katta teshik ochgan. Mutaxassislar teshik maxsus burg‘ilash uskunalari yordamida ochilganini, jinoyatchilar professional tayyorgarlikka ega bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Videokuzatuv kameralari ertalab avtoturargohdan chiqib ketgan qora rangli yirik avtomobilni qayd etgan. Mashinada niqob taqqan bir nechta shaxs bo‘lgani ma’lum qilindi. Keyinchalik ushbu avtomobil Hannover shahrida o‘g‘irlab ketilgani aniqlangan.
Hodisa oqibatida 2500 nafardan ortiq bank mijozi jabr ko‘rgan. Har bir seyf kamida 10,3 ming yevro miqdorida sug‘urtalangan bo‘lgani sababli, dastlabki sug‘urta zarari 34 mln yevro atrofida baholanmoqda.
Talonchilik haqida xabar tarqalganidan so‘ng, bank filiali oldiga bir necha yuz nafar mijoz yig‘ilgan. Ular zarar qanday tartibda qoplanishi masalasiga oydinlik kiritishni talab qilgan. Politsiya binoga kirishni vaqtincha cheklab, filialni yopgan.
Ayni paytda hech kim qo‘lga olinmagan, gumonlanuvchilar qidiruvda. Tergov harakatlari davom etmoqda.
2025 yil fevral oyida ham Germaniyaning Lyubek shahridagi Deutsche Bank filialida tunda 326 ta seyf buzib ochilib, 10 mln yevro o‘g‘irlab ketilgan edi.





