
Germaniyaning 2026 yilgi byudjetida har uchinchi yevro pensiya to‘lashga ketadi
2026 yilda Germaniya federal byudjetida yig‘iladigan har uchinchi soliq yevro pensiya to‘lovlariga yo‘naltiriladi. Bu kelajak sarmoyalarini cheklash xavfini keltirmoqda.

Germaniyaning 2026 yilgi federal byudjetida pensiya tizimiga ajratiladigan mablag‘lar rekord darajaga chiqishi kutilmoqda. Ifo iqtisodiy tadqiqot institutining yangi hisobotiga ko‘ra, har uchinchi yevro — ya’ni 33 foizdan ortiq soliq tushumlari pensiya sug‘urtasi tizimiga yo‘naltiriladi.
Umumiy hisobda 127,8 mlrd yevro pensiya to‘lovlariga sarflanishi rejalashtirilgan. Bu esa byudjetning salmoqli qismini egallayotganini anglatadi. Bild nashrining yozishicha, pensiya xarajatlari hozirda butun byudjetning deyarli chorak qismini tashkil etmoqda.
Ifo instituti tadqiqotchisi Emili Hyosslingerga ko‘ra, «pensiya tizimida tuzilmaviy islohotlarsiz federal budjet yana uzoq vaqt davomida bu xarajatlarni ko‘tarib borishiga to‘g‘ri keladi». Bu esa kelajak sarmoyalar va strategik loyihalarga mablag‘ ajratish imkoniyatini cheklab qo‘yadi.
Hisobotda shuningdek, byudjetning daromad manbalarida ham salbiy tendensiyalar kuzatilgani qayd etilgan. Xususan, qarz mablag‘lari ulushi 2026 yilda 19 foizgacha ko‘tariladi.
«Yangi qarzlar muammolarni faqat keyingi avlodlarga surib qo‘yadi va ular uchun yukni og‘irlashtiradi», — deya ogohlantirdi Hyosslinger.
budjet loyihasiga ko‘ra, 2026 yilda Germaniyadagi umumiy xarajatlar 520,5 mlrd yevroni tashkil etadi, bundan tashqari 120 mlrd yevro alohida fondlar orqali yo‘naltiriladi.





