
«GM» raqobatchilaridan mustahkamroq chiqdi: kuchli hisobotdan so‘ng tahlilchilar targetlarni oshirdi
Kamida 13 nafar tahlilchi «Chevrolet» ishlab chiqaruvchisining aksiyalari bo‘yicha maqsadli narxni oshirdi.

«General Motors» kompaniyasining «ajoyib» deb baholangan choraklik hisoboti e’lon qilinganidan so‘ng kamida 13 nafar tahlilchi avtokonsern aksiyalari bo‘yicha maqsadli narxni oshirdi. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.
Hisobot nima haqida edi?
Detroytda joylashgan avtogigant 27-yanvar kuni yuqori foyda haqida hisobot berdi va 2026 yil uchun optimistik prognozni taqdim etdi. Shuningdek, u 6 mlrd dollargacha bo‘lgan aksiyalarni qayta sotib olish dasturi va dividendlarni oshirishini e’lon qildi. Soliqlardan oldingi tuzatilgan foyda yillik hisobda 13 foizga o‘sib, 2,84 mlrd dollarga yetdi. Bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foyda 2,51 dollarni tashkil etdi, bu «Reuters» so‘rovida qatnashgan tahlilchilar kutgan 2,21 dollardan yuqori bo‘ldi.
27-yanvar kuni «GM» aksiyalari 8,7 foizga qimmatlashib, yil boshidan buyongi o‘sishni 70 foizga yetkazdi. 28-yanvar kuni esa kotirovkalar 1,7 foizga tuzatildi.
Tahlilchilar hisobotga qanday munosabat bildirdi?
«UBS» tahlilchisi Jozef Spak «GM» aksiyalari bo‘yicha maqsadli narxni 97 dollardan 102 dollarga oshirdi. Bu 28-yanvar kungi yopilish narxidan 20 foizga yuqori.
«Bu prognoz bizning aksiyalar reytingi oshirilganini tasdiqlaydi – GM foydani ko‘paytirish uchun keng imkoniyatlar arsenaliga ega», – deb yozdi Spak.
Sentyabr oyida UBS aksiyalar bo‘yicha tavsiyani neytraldan «sotib olish»ga oshirgan edi.
«Bloomberg»ning eslatishicha, hozir AQSH avtosanoati uchun oson davr emas: tartibga solish qoidalari o‘zgarmoqda, iste’molchi talabining barqarorligi savol ostida, savdo bojlari bilan bog‘liq noaniqlik saqlanib qolmoqda. Shu fonga qaramay, «GM» raqobatchilari ancha kamtar natijalar ko‘rsatdi: «Ford» aksiyalari bir yilda taxminan 37 foizga, «Tesla» aksiyalari esa 10 foizdan kamroqqa o‘sgan, «GM» aksiyalari esa 70 foizga ko‘tarilgan. «Wedbush» tahlilchisi Den Ayvzning so‘zlariga ko‘ra, «GM» ushbu murakkab sharoitdan beayb o‘ta oldi». U dekabr oyida maqsadli narxni 75 dollardan 95 dollarga oshirganidan so‘ng, uni shu darajada saqlab qoldi.
«Barclays» tahlilchisi Den Levi avval «GM» «kuchli natijalar, ammo bozorning sust reaksiyasi» formulasiga amal qilib kelganini qayd etdi. Biroq 2025 yil uchinchi choragidan keyin «GM» kamida so‘nggi o‘n yil ichida hisobotdan keyingi eng kuchli rallini ko‘rsatdi. Levining qo‘shimcha qilishicha, o‘shandan beri o‘sish yanada jadallashgan. 28-yanvar kuni u maqsadli narxni 100 dollardan 110 dollarga oshirdi va «bozordan yuqori» (Overweight) reytingini saqlab qoldi.
«Morgan Stanley» tahlilchisi Endryu Persoko 27-yanvar kuni maqsadli narxni 90 dollardan 100 dollarga ko‘tardi va «bozordan yuqori» reytingini saqladi. U AQSH va Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo muzokaralari, xomashyo narxlarining inflatsiyasi va «DRAM» xotira chiplari tanqisligi kabi xavflar saqlanib qolishiga qaramay, avtokonsern 2026 yil uchun o‘z prognoz diapazonining yuqori qismiga chiqishi mumkinligini ta’kidladi: EBIT bo‘yicha taxminan 15 mlrd dollar va bir aksiyaga 13 dollar foyda.
«Piper Sandler» tahlilchisi Aleksandr Potter maqsadli narxni 98 dollardan 105 dollarga oshirdi.
«To‘rtinchi chorak yakunlariga ko‘ra, «GM» hali ham uni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan darajada yuqori foydaga ega ekani oydinlashdi. Qisqacha aytganda, bizningcha, investorlar bu aksiyalarni ushlab turishda davom etishlari kerak» – deb yozdi u.
«MarketWatch» ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda GM aksiyalarini 29 nafar tahlilchi kuzatib bormoqda va ularning aksariyati avtokonsern qimmatli qog‘ozlariga ijobiy qaraydi. Ular orasida 18 ta «sotib olish», to‘qqizta «portfelda ushlab turish» va faqat ikkita «sotish» bahosi mavjud.
«TD Cowen» barcha baholar orasida eng yuqori yangi targetni belgiladi – bir aksiya uchun 122 dollar. Bashoratlarini qayta ko‘rib chiqqan investitsiya banklari orasida, shuningdek, «Citigroup», «Barclays» va «RBC Capital Markets» ham bor. «Bloomberg» targetlarni qayta ko‘rib chiqishni «GM» aksiyalari narxi o‘sishi hali yakunlanmaganini anglatuvchi signal, deb hisoblaydi.





