
«Golden House» qurilish kompaniyasi ogohlantirildi
Kompaniya shartnomalarida xaridor o‘z tashabbusi bilan kelishuvni bekor qilgan yoki qurilish faoliyatidan norozi bo‘lib OAV, tegishli idora va tashkilotlarga murojaat qilgan taqdirda shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima qo‘llanishi belgilangani aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasi «Golden House Property Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini o‘rganish natijasida iste’molchi huquqlarini cheklovchi holatlar mavjudligini aniqladi. Bu haqda qo‘mita rasmiy bayonot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqlarida «Tanqid uchun jarima undirilishi qonuniymi?» mazmunida qoldirilgan murojaat fuqarolar muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Murojaatda «Agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga egaligi, shuningdek, mijozlar bu quruvchi korxona ustidan hatto murojaat qilingan taqdirda uning ishchanligi va obro‘siga putur yetkazilgan deya yana unga jarima qo‘llanishi» ham bildirilgan.
Qo‘mita olib borgan o‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, kompaniya mijozlar bilan tuzilgan shartnomalarda, agar xaridor kelishuvni o‘z tashabbusi bilan bekor qilsa yoki qurilish faoliyatidan norozi bo‘lib ommaviy axborot vositalari yoki davlat idoralariga murojaat qilsa, shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilangani aniqlangan.
Qo‘mita bu holatni «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 4, 6, 21 va 23-moddalari talablariga zid deb topdi. Unga ko‘ra, bunday shartlar iste’molchining o‘z huquqini himoya qilish va norozilik bildirish imkoniyatini noqonuniy cheklaydi.
Shu munosabat bilan «Golden House Property Group» kompaniyasiga qonun buzilish holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Golden House Property Group O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi bayonoti hamda unga oid axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, ommaviy muhokamalarda turlicha huquqiy tabiatga ega bo‘lgan ikki band aralashtirib yuborilgan.
Birinchi band — ulushdor tashabbusi bilan shartnomani bekor qilish holatida developerning zararlarini qoplash masalasini tartibga soladi. Ikkinchisi esa kompaniyaning ishbilarmonlik nufuziga yolg‘on ma’lumotlar tarqatish orqali zarar yetkazish holatlariga taalluqli.
Kompaniya izohiga ko‘ra, Qo‘mita bayonotida tilga olingan shartnoma bandi faqat tijorat sirini va kompaniyaning ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, mijozlarning qonuniy shikoyat yoki asosli tanqid bildirish huquqini cheklamaydi.
Golden House shuni ham ta’kidlaydiki, ulushchilarning barcha qonuniy harakatlari mazkur bandi doirasiga kirmaydi va ularga nisbatan hech qanday jarima choralari qo‘llanilmaydi.
Kompaniya O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga qat’iy rioya etadi va mijozlar hamda hamkorlar huquqlarini himoya qilishni ustuvor vazifa deb biladi.
Shuningdek, Golden House Property Group regulyator va boshqa davlat organlari bilan faol muloqot olib borib, shartnomaviy bandlarning maqsad va mazmuni to‘g‘ri anglanishi uchun hamkorlik qilmoqda.
Kompaniya ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ochiq muloqotga tayyor ekanini, mijozlar huquqlarini himoya qilish esa doimiy ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari to‘g‘risidagi Qonunga tayanib, barcha biznes sub’ektlari raqobat va iste’molchi huquqlarini himoya qilish qoidalariga qat’iy amal qilishi lozimligini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi kredit va mikroqarz reklamacida aholini ehtimoliy moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirishni majburiy etishni taklif qilayotgani haqida xabar berilgan edi.





