
Google sayyohlik dunyosida qo‘zg‘alon boshladi: endi sizdan bir jumla kifoya
Google’ning sun’iy intellektga asoslangan yangi funksiyalari orqali dunyo bo‘ylab sayohatingizni bir so‘z bilan rejalashtirish mumkin bo‘ladi. Yangilikdan turizm sanoati bezovta.

Google o‘zining «AI Mode» tizimi orqali sayohatchi foydalanuvchilar uchun sun’iy intellekt asosidagi bir qator qulayliklarni ishga tushirdi. Kompaniya sayyohlik rejalashtirishni yanada avtomatlashtirish maqsadida uchta asosiy funksiyani jahon bo‘ylab kengaytirmoqda: aviaqidirish, sayohat rejasinni tuzish hamda restoranlarni bron qilish.
«Flight Deals» deb nomlangan aviabiletlar servisidan foydalanish avval faqat AQSH, Kanada va Hindistonda mumkin edi. Endi esa u 200 dan ortiq mamlakat va 60 tilda ishlaydi. Foydalanuvchi faqat qayerga, qachon va qanday sayohat qilishini aytsa, Google avtomatik ravishda eng maqbul yo‘nalish va narxlarni tavsiya qiladi.
«Canvas» funksiyasi orqali esa to‘liq sayohat rejasini tuzish mumkin: Google Maps orqali xaritalar, fotolar, mehmonxona va parvoz narxlari, foydalanuvchi fikrlari — barchasi bitta dinamik sahifada taqdim etiladi. Bu imkoniyat ayni paytda AQSHdagi muayyan desktop foydalanuvchilariga ochiq.
Yana bir yangilik — restoran bron qilishni avtomatlashtiruvchi funksiya endi AQSHda barcha foydalanuvchilarga ochiq. Faqat sanasi, vaqti, odam soni va ovqat turini aytsangiz bo‘ldi — Google siz uchun stol band qiladi.
Kompaniya tez orada shu imkoniyatlarni hotel va aviachipta bron qilishgacha kengaytirishni rejalashtirmoqda. Google ma’lumotlarni yagona interfeysda taqdim etish orqali an’anaviy sayohat platformalari bilan raqobatni yangi bosqichga olib chiqmoqchi.





