Logo

Green Card uchun 100 ming dollarlik garov joriy etilishi mumkin

Bugun 15:251 daqiqa

Depozit qilingan mablag‘lar AQSH fuqaroligini olgandan keyin, barcha talab qilinadigan shartlar bajarilgan taqdirda qaytariladi.

Green Card uchun 100 ming dollarlik garov joriy etilishi mumkin © brighttax.com

AQSH ma’muriyati Green Card olish uchun ariza topshirgan ayrim xorijiy fuqarolar uchun majburiy depozitni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «The Wall Street Journal» xabar berdi.

Nashrning yozishicha, garov puli taxminan 100 ming dollarni tashkil qilishi mumkin, ammo yakuniy miqdor har bir holat uchun alohida belgilanadi. Vaziyatga qarab, u ko‘rsatilgan miqdordan pastroq yoki yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

WSJ ta’kidlaganidek, AQSH Davlat departamenti yangi tizimni dastlab cheklangan miqdordagi mamlakatlarda sinovdan o‘tkazishni taklif qilmoqda. Sinov dasturiga kiritilgan aniq mamlakatlar hali e’lon qilinmagan. Agar ko‘chib o‘tgandan so‘ng, Green Card egasi o‘zini ta’minlay olmasa va hukumat yordamiga muhtoj bo‘lib qolsa, depozit Amerika rasmiylari uchun moliyaviy kafolat bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Muhokama qilinayotgan rejaga ko‘ra, AQSHning xorijdagi konsulliklari orqali ariza topshirgan yashil karta egalari immigratsiya tasdiqini olishdan oldin belgilangan to‘lovni to‘lashi shart bo‘ladi. Depozit qilingan mablag‘lar AQSH fuqaroligini olgandan keyin, barcha talab qilinadigan shartlar bajarilgan taqdirda qaytarilishi mumkin.

Ayni paytda tashabbus muhokama bosqichida va hali rasman tasdiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati yangi siyosat joriy etilganini ma’lum qilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatda vaqtincha yashab turgan xorijliklar endi faqat istisno holatlardagina AQSH hududining o‘zida maqomini o‘zgartirib, doimiy yashash huquqini olishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid