add

Grenlandiyani sotib olish rejasi AQSHga 700 mlrd dollarga tushishi ma’lum bo‘ldi

Loyiha AQSH byudjetiga katta yuk solishi, ittifoqchilar bilan munosabatlarni keskinlashtirishi mumkin.

Grenlandiyani sotib olish rejasi AQSHga 700 mlrd dollarga tushishi ma’lum bo‘ldi

Donald Tramp ma’muriyati Grenlandiyani qo‘lga kiritish imkoniyatini muhokama qilishni davom ettirayotgan bir paytda, bu rejaning ehtimoliy qiymati 700 milliard dollarga baholanmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday summa AQSH mudofaa xarajatlarining yarmidan ortig‘ini tashkil etib, federal byudjetga jiddiy bosim o‘tkazishi mumkin.

Grenlandiya rasman Daniya hududi hisoblanadi va orol atrofidagi har qanday muzokaralar xalqaro huquq hamda ittifoqchilik munosabatlariga daxl qiladi. Shu bois, Kopengagen va orol ma’muriyati Trampning «u yoki bu yo‘l bilan» egallash haqidagi bayonotlarini bir necha bor qat’iy rad etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha bo‘yicha tahlillar olimlar va sobiq yuqori lavozimli amaldorlar ishtirokida tayyorlangan. Oq uyda davlat kotibi Marko Rubioga orolni sotib olish bo‘yicha ehtimoliy taklif ustida ishlash vazifasi yuklatilgan va hujjat yaqin haftalarda prezidentga taqdim etilishi kutilmoqda.

Biroq reja AQSH jamiyatida ham qo‘llab-quvvatlanayotgani yo‘q. Reuters o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, amerikaliklarning aksariyati harbiy usuldan foydalanishni mutlaqo noto‘g‘ri deb hisoblaydi. Shuningdek, ishtirokchilarning katta qismi bu qadam NATO va Yevropa bilan strategik munosabatlarga putur yetkazishidan xavotir bildirgan.

Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli Trampni milliy xavfsizlikni mustahkamlash uchun doimo «ijodiy g‘oyalar» ustida ishlashini ta’kidladi. Trampning o‘zi esa Truth Social tarmog‘ida agar Amerika Grenlandiyani olmasa, buni Rossiya yoki Xitoy amalga oshirishi haqida ogohlantirdi.

«AQSHga milliy xavfsizlik va biz qurayotgan «Oltin gumbaz» (Golden Dome) loyihasi uchun Grenlandiya kerak. Agar biz buni amalga oshirmasak, Rossiya yoki Xitoy qiladi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!», deb yozgan Tramp.

Teglar

Mavzuga oid