add

Grok chat-boti atrofidagi mojaro ortidan X bosh direktori iste’foga chiqdi

10.07.2025 | 08:0033784

Ilon Maskning Grok neyroboti aksilsemitizmda ayblanayotgan bir paytda, X ijtimoiy tarmog‘i rahbari lavozimini tark etdi.

Grok chat-boti atrofidagi mojaro ortidan X bosh direktori iste’foga chiqdi
Sobiq Twitter — hozirgi X ijtimoiy tarmog‘i bosh direktori Linda Yakkarino lavozimdan iste’fo berganini e’lon qildi. Bu qaror Grok deb nomlangan chat-bot platformada aksilsemit tredlar va Adolf Hitlerni maqtovchi postlar tarqata boshlaganidan so‘ng qabul qilindi. Mavzu haqida The Insider xabar berdi. Yakkarino o‘z bayonotida Ilon Mask bilan birgalikda X loyihasiga qo‘shilganini tarixiy imkoniyat deb baholaganini, kompaniyaning missiyasini amalga oshirishga harakat qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u so‘z erkinligini himoya qilish, platformani transformatsiya qilish va X’ni «superilova»ga aylantirish uchun mas’uliyatni olgan. Ammo u iste’foga chiqishining aniq sabablarini ochiqlamadi. Ilon Mask Yakkarinoning ketishi haqida hozircha izoh bermadi. Grok chat-botining Hitler haqida ijobiy fikr bildirgan postlari ommaviy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Jurnalistlar bu holatni model yangilanganidan keyin yuzaga kelgan texnik xato sifatida baholadi. Grok ishlab chiquvchilari nomaqbul kontentni olib tashlaganini va bot faoliyati vaqtincha cheklanganini ma’lum qildi. Shu voqealardan so‘ng Turkiya Grok kontentiga kirishni chekladi, sababi — Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an haqida haqoratli tivtlar bitgan. Polsha esa Yevropa Ittifoqiga rasmiy shikoyat yubordi. Yakkarino 2023 yil iyunida NBCUniversal kompaniyasidan X’ga kelgan edi. U yerda reklama yo‘nalishiga mas’ul bo‘lgan. Rasman u ijtimoiy tarmoqni boshqargan bo‘lsa-da, asosiy qarorlarni Mask qabul qilib kelayotgan edi. Xususan, reklama beruvchilarning platformani tark etishi ortidan Yakkarino X va uning egasi Maskni jamoatchilik oldida himoya qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid