
«Guangzhou» klinikasi ishi bo‘yicha xitoylik ota-o‘g‘il jarimaga tortildi
18.09.2025 | 18:0032936 daqiqa
Toshkentda 100 nafar fuqaroni firibgarlik yo‘li bilan aldagan xitoylik shifokor Xe Kiang va uning o‘g‘li Xe Feng ustidan sud hukmi chiqarildi.

Toshkent shahridagi «Guangzhou Medical of China» klinikasida ishlagan xitoylik shifokor Xe Kiang va uning o‘g‘li Xe Feng firibgarlik va sifatsiz dori vositalarini tarqatish ayblovi bilan sud qilindi. Ular 100 nafar fuqaroni turli yo‘llar bilan aldab, katta miqdordagi mablag‘larni qo‘lga kiritishgan.
Ota-o‘g‘il 2020 yilning noyabr oyidan klinikada ishlab kelgan. Bemorlarga sifatsiz va samarasiz dorilarni berib, pulini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Ular tibbiy usullarsiz tashxis qo‘yib, igna terapiyasi va turli dori vositalari orqali davo topish mumkinligini aytib, odamlarni aldagan.
Kun.uz tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, Xe Kiang va Xe Feng 2024 yilda Qozog‘istonda qidiruvda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sud jarayonida Xe Kiang aybini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda o‘g‘li bilan O‘zbekistonga kelib klinikada ish boshlagan, har oy 1 300 dollar maosh olgan. 2022 yilda esa Xitoyga qaytgan. U bemorlarga kimyoviy emas, balki giyohlardan tayyorlangan dori tavsiya qilganini, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qisman qoplanganini aytgan va suddan yengillik so‘ragan. Uning o‘g‘li ham shunga o‘xshash ko‘rsatma bergan.
Sudda jabrlanuvchilarning barchasi turli kasalliklar bilan «Guangzhou» klinikasiga murojaat qilgani, biroq davo topmagani haqida aytgan.
Ota-o‘g‘ilning qilmishi og‘ir jinoyat sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, ular tarqatgan vositalar inson sog‘lig‘iga xavfli kimyoviy dori emas, balki giyohlardan tayyorlangani inobatga olinib, sud jamiyatdan ajratilmagan holda katta miqdordagi jarima jazosini tayinlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi 2025 yil 29 avgustdagi hukmiga ko‘ra, Xe Kiang Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybli deb topilib, 33,2 mln so‘m, Xe Feng esa 30,2 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Shu bilan birga ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida ozod etilgan.
Sud jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy 381 mln 402 ming so‘m moddiy zararni Toshkent shahar IIBBning depozit hisobraqamida saqlanayotgan, dastlabki tergovda Jao Dan tomonidan to‘langan 300 mln so‘m hamda «Guangzhou Medical of China» MCHJda o‘tkazilgan tintuv davomida olingan 107 mln so‘m hisobidan qoplashni belgilagan.
Jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituviga olingan. Bu bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, «Guangzhou» klinikasiga nisbatan jinoyat ishi 2022 yilda qo‘zg‘atilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda bemorlarga arzon dorilarni qimmatbaho qilib sotish holatlari haqida xabar tarqalgan edi.