add

Gulira’no Qosimovani tahqirlagan IIBning ikki sobiq mansabdoriga sud hukmi o‘qildi

28.11.2025 | 19:5814552 daqiqa

Furqat tuman IIB sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga sud hukmi bilan 4 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Gulira’no Qosimovani tahqirlagan IIBning ikki sobiq mansabdoriga sud hukmi o‘qildi

Maktab direktori Gulira’no Qosimovaning tahqirlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha Furqat tuman IIB sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga sud hukmi bilan 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 2025 yil 28-noyabrdagi hukmi bilan A. X. (1986 yilda tug‘ilgan, Furqat tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan) va J. R. (1991 yilda tug‘ilgan, Furqat tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi, 206-moddasi 1-qismi, 230-2-moddasi 1-qismi va 234-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

A. X. va J. R.ning har biriga 3 yil muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarida o‘tattirilishi belgilangan.

Jabrlanuvchilar G. Q. va Q. A.ga kelgusida ma’naviy zarar va boshqa zararlar yuzasidan tegishli hujjatlarni ilova qilgani holda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirilgan.

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqlidir», - deyiladi xabarda.

Shuningdek, sudning alohida xabarnomasi bilan A. X. va J. R.ga oid jinoyat ishi yuzasidan boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda Farg‘ona viloyati prokuraturasiga xabar qilinishi belgilangan.

Qosimova ishi

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida maktab direktori bo‘lib ishlagan Gulira’no Qosimova o‘ziga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan zo‘ravonlik va tahqirlash holatlari sodir etilganiniaytgandi. Uning aytishicha, tuman IIB tezkor xodimlari uni va soliq inspeksiyasi boshlig‘ini «jinoyat sahnasi» sifatida sahnalashtirilgan operatsiyaga jalb etib, urgan, yechintirgan va yolg‘on ayblovlar ostida bosim o‘tkazgan. Ayol ularning aytganini qilmagani va soliq inspeksiyasi boshlig‘iga tuhmat qilish taklifini rad etgani uchun videoga olinib, keyinroq tahdid va shantajga uchragan.

Teglar

Mavzuga oid