
Gurjiston «adolatli saylovlar»gacha Yevroittifoqqa qo‘shilmaydi — Yevroparlament
21.07.2025 | 08:2011953
Yevroparlament Gurjiston hukumatining «avtoritar yo‘nalishi»ni tanqid qilib, mamlakatning YeIga a’zo bo‘lish jarayoni adolatli saylovlar o‘tkazilmaguncha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bryussel rasmiylari amaldagi hukumatni tan olmasligini, ammo gurji xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini ta’kidlagan.

Gurjistondagi siyosiy inqiroz 2024 yil oktyabridagi parlament saylovlaridan keyin avj oldi. «Gurjiston orzusi» partiyasi 53,93 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, ammo muxolifat saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblab, tan olmadi. 28 noyabrda hukumat yevrointegratsiya jarayonini to‘xtatdi. Bu esa ommaviy noroziliklarga olib keldi. Namoyishlar qattiq kuch bilan tarqatildi, kamida 400 nafar fuqaro qo‘lga olindi.
Noroziliklar ortidan besh nafar elchi iste’fo berdi, 135 dan ortiq diplomat hukumat qarorini qoralab bayonot imzoladi. Milliy bank, Tbilisi shahar hokimligi va Konstitutsiyaviy sud xodimlari, shuningdek, universitet va maktablar ham norozilikka qo‘shildi.
2023 yil dekabrida Gurjiston YeI a’zoligiga nomzod maqomini olgan edi. Biroq YeI diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas 2025 yil fevralda namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatishni tanqid qilib, Gurjiston YeI talablarini qondirmayotganini aytdi.
Shuningdek, Bryussel rasmiylari «chet el agentlar to‘g‘risida»gi qonun va jinsiy ozchiliklar targ‘ibotiga qo‘yilgan taqiqni inson huquqlariga zid deb baholadi. Yanvarda Gurjiston YeI Parlament Assambleyasidagi ishini to‘xtatdi. Keyinchalik hukumat 49 muxolifat deputati mandatini bekor qildi va «chet el agentlari» to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qildi.





