
Gurjistonda Turk harbiy samolyoti quladi: ekipaj a’zolari halok bo‘ldi
Gurjiston–Ozarboyjon chegarasi yaqinida Turkiyaga tegishli C-130 harbiy samolyoti quladi. Samolyot bortida 20 nafar turkiyalik harbiy xizmatchi bo‘lgan va ularning barchasi voqea joyida halok bo‘lgan.

11-noyabr kuni Turkiyaning C-130 rusumli harbiy transport samolyoti Gurjiston–Ozarboyjon chegarasi hududida halokatga uchradi. Samolyotda bo‘lgan barcha 20 kishi halok bo‘lgan. Falokat yuz bergan joyda qidiruv-qutqaruv ishlari Turkiya va Gruziya hukumatlari hamkorligida olib borilmoqda. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vazirligi ma’lumot berdi. Kechasi askarlarning shaxsi aniqlanib, ularning oila a’zolariga xabar yetkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, samolyot Ozarboyjon bilan chegaradan taxminan besh kilometr uzoqlikdagi Signaxi munitsipaliteti hududiga qulagan. Samolyot Ganja shahridan Turkiyaga qaytayotgan bo‘lib, Gruziya havo hududiga kirganidan bir necha daqiqa o‘tgach radarlar bilan aloqa uzilgan. Hech qanday xavf signali berilmagan.
Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an hodisa haqidagi xabarni eshitgach, Anqaradagi chiqishi vaqtida nutqini to‘xtatib, halok bo‘lganlarni «shahidlarimiz» deb atagan. U shahid bo‘lgan harbiylarning oilalariga ta’ziya bildirib, ularning xotirasini hurmat bilan yod etishni ta’kidladi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham ta’ziya bildirib, «turk xalqi bilan hamdard ekanligini» aytgan.





