
Guterrish BMT hisobotlari va yig‘ilishlarini qisqartirishni taklif qildi
03.08.2025 | 18:0030973
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashkilot chiqarayotgan hisobotlar soni va yig‘ilishlar miqdorini keskin kamaytirish zarurligini bildirdi. Unga ko‘ra, hozirgi ish usuli samarasiz bo‘lib, katta mablag‘ va resurslar behuda sarflanmoqda.
Guterrish ma’lum qilishicha, BMTning UN80 ishchi guruhi tayyorlagan hisobotda minglab mandatlar bajarilishi jarayoni o‘rganilgan. Hozirda barcha mandatlarning yarmidan ko‘pi hisobot tayyorlashni talab qiladi. 
Faqat o‘tgan yili kotibiyat 1100 ta hisobot chiqargan bo‘lib, bu 1990 yildagidan 20 foizga ko‘p. Ularning katta qismi bir xil mavzularni takrorlaydi va hajmi so‘nggi 20 yilda 40 foizga o‘sgan.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, hisobotlar juda kam o‘qiladi — ularning beshdan bir qismi internetda ming martadan kam yuklangan. Shu bilan birga, yig‘ilishlar va nashrlar BMT muntazam byudjeti xarajatlarining sezilarli qismini tashkil qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, byudjetning har o‘n dollaridan biri to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu maqsadlarga sarflanadi.
UN80 dasturi doirasida BMT samaradorligini oshirish, byurokratiyani kamaytirish, eskirgan mandatlarni bekor qilish va tashkilotning tuzilishini qayta ko‘rib chiqish kabi yo‘nalishlarda islohotlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, BMTda 40 mingdan ortiq amaldorlar tomonidan bajariladigan mandatlar mavjud bo‘lib, ular yiliga 27 mingdan ortiq uchrashuv va har kuni taxminan 2300 sahifali hujjat tayyorlashni talab qiladi. Bu esa yiliga 360 million dollar atrofida xarajatni tashkil etadi.





