add

Gvineya-Bisauda prezident harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatildi

Bugun 09:383332 Daqiqa

Mamlakatda harbiylar davlat to‘ntarishi o‘tkazganini e’lon qildi. Yaqindagina qayta saylangan prezident Embalo qo‘lga olingan, u Bosh shtab hududida ushlab turilganini ma’lum qilinmoqda.

Gvineya-Bisauda prezident harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatildi

Gvineya-Bisauda harbiylar mamlakatda hokimiyatni to‘liq o‘z nazoratiga olganini rasman ma’lum qildi. Africaguinee xabariga ko‘ra, prezident Umaru Sisoku Embalo davlat to‘ntarishi amalga oshganini tasdiqladi va hozirda Bosh shtab hududida qo‘lga olingan holda saqlanayotganini bildirdi. Harbiylar mamlakat oliy rahbariyatini «narkobaronlar bilan til biriktirishda» ayblab, favqulodda tartiblarni joriy qilganini e’lon qildi.

Embalo Rossiyaga turli yillarda to‘rt marotaba tashrif buyurgani bilan tanilgan. U 2022 yil oktabrda ECOWAS raisi sifatida Moskvaga kelib, Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgan. 2023 yil iyulida Sankt-Peterburgdagi «Rossiya — Afrika» sammitida ikki mamlakat hamkorligi bo‘yicha yalpi muhokamalar o‘tkazilgan. 2024 yil may oyida u qaytadan Rossiyaga tashrif buyurib, G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etgan. Embalo Chechenistonga ham borib, Gvineya-Bisau harbiylarini Rossiya maxsus qo‘shinlari universitetida tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishgan. Uning oxirgi tashrifi 2025 yil fevral oyida bo‘lgan.

Harbiylar prezident bilan bir qatorda bosh shtab boshlig‘i general Byage Na Ntan, uning o‘rinbosari general Mamadu Ture va ichki ishlar vaziri Boche Kande ham qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ular «konstitutsion tartibni tiklash» maqsadida olti bosqichli favqulodda choralarni joriy etdi. Ular qatorida prezidentni lavozimdan chetlatish, mamlakatdagi barcha saylovlarni to‘xtatish, davlat muassasalarini vaqtincha yopish kabi qarorlar bor.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyati to‘xtatildi, quruqlik, dengiz va havo chegaralari yopildi, 21:00 dan 06:00 gacha komendantlik soati joriy etildi. Harbiylar mamlakat aholisini tinchlikka, hamjihatlikka va vaziyatni tushunishga chaqirdi.

23-noyabr kuni Gvineya-Bisauda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Embalo o‘zini g‘olib deb e’lon qilib, 65 foiz ovoz olganini aytgan. Biroq muxolifat nomzodi Fernandu Diash de Koshta ham o‘zini g‘olib deb e’lon qilgan. Raqobatli saylovlarning rasmiy natijalari 27-noyabrda e’lon qilinishi kerak edi.

Teglar

Mavzuga oid

Gvineya-Bisauda prezident harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatildi | Vaqt.uz