add

“Hali hujjat yo‘q, biz esa bo‘lmasin deb turibmiz” — Aziz Abduhakimov

23.07.2025 | 23:0043716

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bo‘yicha hali rasmiy hujjat taqdim etilmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat bilan tanishmasdan turib loyihaga rad javob berish noto‘g‘ri bo‘ladi.

“Hali hujjat yo‘q, biz esa bo‘lmasin deb turibmiz” — Aziz Abduhakimov
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bo‘yicha Ekologiya vazirligiga hali rasmiy hujjatlar kelib tushmagan. Bu haqda vazir— bosh ekologik inspektor Aziz Abduhakimov ma’lum qildi. «Bu hozir, ochig‘ini aytganda, faqatgina bizga norasmiy ravishda og‘zaki aytilyapti. Shuning uchun biz iltimos qildikki, hujjatni olib kelsin. Hujjat bo‘lgandan keyin biz o‘zimizning ham, Qurilish vazirligi, Suv xo‘jaligi, o‘zining tegishli inspeksiyalari, Ekologik ekspertiza markazi, hamma tegishli vazirlik va idoralar o‘zining e’tirozlarini yoki o‘zining takliflarini bildira oladi», - dedi Abduhakimov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar taqdim etilsa, barcha tegishli idoralar o‘z munosabatini bildirishi va jamoatchilik muhokamasi tashkil etilishi ta’minlanadi. «Hozir hali hujjat yo‘q, biz «yo‘q, bo‘lmasin», deb turibmiz-da. O‘zi hujjat kelsin oldin. Bir narsaga o‘zi «yo‘q» deyishdan oldin shu narsa paydo bo‘lishi kerak-da. Hali bizda taklif ham yo‘q, hujjat ham yo‘q, lekin biz «yo‘q» deyapmiz. Uni kelgandan keyin biz, albatta, jamoat muhokamasiga qo‘yamiz, hamma ko‘rsin shuni. Uni qanaqadir berkitib, kechasi shunday qo‘l qo‘yib chiqarib yuboradigan, menimcha, hech kim yo‘q o‘zi respublikada», - deya qo‘shimcha qildi u. Abduhakimov loyihani amalga oshirayotgan developer — Emin Agalarovning tajribasini ta’kidlab, uning qurilishlari ekologik standartlarga javob berishini qayd etdi. Shuningdek, vazir Agalarovga Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Chernogoriya kabi davlatlar ham qiziqish bildiryotganini ma’lum qildi. «Respublikaga taklif etilgan developer o‘zidan-o‘zi kelib unaqa qilmayapti bu yerda. Kelib, o‘zidan-o‘zi «Mana, men shu Chorvoqda quraman», degan gap yo‘q. Uni, aksincha, tajribali bo‘lganligi uchun, u juda ham bir ekologik standartlarga javob beradigan qurilishlarni qilganligi uchun ham O‘zbekistonga taklif etilyapti. Bo‘lmasam, o‘zining juda unaqa bir katta xohishi yo‘q, uning mingta taklifi bor», - dedi Abduhakimov. Sea Breeze Uzbekistan nomli ofisning Toshkentda ochilgani haqida vazir OAV orqali xabar topganini aytdi. Ushbu ofis hozircha faqat xorijdagi uy-joy loyihalaridagi kvartiralarni sotishga oid bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Matbuot anjumani yakunida vazir jamoatchilikni shoshma-shoshar qarorlar qabul qilmaslikka chaqirdi. «Kelgan hujjatni ko‘rmasdan turib rad etish — aqlga to‘g‘ri kelmaydigan ish», - deya xulosa qildi u.

Teglar

Mavzuga oid

“Hali hujjat yo‘q, biz esa bo‘lmasin deb turibmiz” — Aziz Abduhakimov | Vaqt.uz