
HAMAS garovga olinganlardan 10 nafarini ozod qilishga tayyorligini bildirdi
01.06.2025 | 09:0018992
Falastinning HAMAS harakati AQSH taklif etgan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasining bir qismini qabul qildi. Harakat 10 nafar tirik garovga olinganlarni va yana 18 nafarning jasadini Isroilga qaytarishga rozi bo‘ldi.

Isroil bu shartlarga avvaldan rozilik bildirgan edi. Biroq isroillik rasmiy manbaning ta’kidlashicha, HAMASning qo‘shimcha talablari sababli bu taklif amalda rad etish sifatida baholanmoqda. HAMAS o‘t ochishni doimiy to‘xtatish, G‘azodan harbiylarni to‘liq chiqarish va humanitar yordam oqimini kafolatlashni talab qilmoqda. AQSH taklif qilgan rejada bu talablar aks etmagan, deb xabar beradi Deutsche Welle.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMASni to‘liq yo‘q qilish tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi. Isroildagi tanqidchilar esa hukumatni siyosiy maqsadlarda urushni sun’iy ravishda cho‘zayapti, deb ayblamoqda.
Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda HAMAS qo‘lida 20-23 nafar tirik garovga olinganlar va kamida 35 nafarning jasadlari bor.





