
Hamma eshitib olsin: Zargarlarning xomashyo bilan bog‘liq muammosi bo‘lmasligi kerak — Prezident
26.05.2025 | 14:1517622
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga zargarlik sohasidagi muammolarni bartaraf etish va rivojlantirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi. Joriy yilda xomashyo, laboratoriya, o‘quv markazi, shou-rum va do‘konlarni bir joyda jamlagan 6 ta yangi zargarlik markazini ochish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy dizayner va texnologlarni jalb qilish orqali zargarlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Yakkasaroy tumani, Andijon va Xivada mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda investorlar uchun jozibador markazlar yaratilgani aytiladi.
Prezident aytib o‘tganidek, “Hamma eshitib olsin. Zargarlarning xomashyo bilan bog‘liq birorta muammosi bo‘lmasligi kerak”. Bu maqsadda, birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi. Yangi markazlar nafaqat Toshkent, Andijon va Xorazmda, balki Buxoro, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda boshqa hududlarda tashkil etiladi.
Bu choralar mahalliy zargarlik sanoatini rivojlantirish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.





