Logo

Har bir kitob uchun 3 kun: yuzlab kitob o‘qib, muddatdan avval ozodlikka chiqish mumkinmi?

Bugun 18:362 daqiqa

O‘zbekistonda mahkumlarni qayta tarbiyalashga qaratilgan yangi tizim joriy etildi. Unga ko‘ra, kitob o‘qib test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan mahkumlarning jazo muddati qisqartiriladi.

Har bir kitob uchun 3 kun: yuzlab kitob o‘qib, muddatdan avval ozodlikka chiqish mumkinmi?

Hukumat mahkumlarning jazoni o‘tash davrida ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish tartibini tasdiqladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, talabgorning jazo muddati har bir o‘qigan kitobi uchun uch kunga qisqartiriladi.

Biroq bu imtiyozning chegarasi ham belgilangan. Mahkum bir yil davomida ko‘pi bilan 30 kunlik qisqartirish huquqidan foydalanishi mumkin. Buning uchun u o‘qigan kitoblari bo‘yicha test sinovlarini topshirishi talab etiladi.

Tartibga muvofiq, imtihon bir yilda ikki marta o‘tkaziladi. Har bir adabiyot bo‘yicha 25 ta test savoli shakllantiriladi va har bir savol uchun ikki daqiqadan vaqt ajratiladi.

Qanday baholanadi?

Maxsus dastur orqali tashkil etiladigan testlar 100 ballik tizim asosida baholanadi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 4 ball beriladi.

Agar talabgor muayyan adabiyot bo‘yicha 70 yoki undan yuqori ball to‘plasa, testni muvaffaqiyatli topshirgan deb hisoblanadi.

Maxsus komissiya tashkil etiladi

Mahkumning test sinovi topshirishini nazorat qilib borish va natijalarini xulosa asosida tasdiqlash uchun muassasalarda muassasa xodimlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tashkil etiladi.

Komissiya tarkibi 7 nafar a’zo, komissiya raisi va kotibdan iborat bo‘ladi.

Komissiya tarkibiga muassasa xodimlari, hududiy faol jamoatchilik vakillari, jumladan, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan vakillari kiradi.

Teglar

Mavzuga oid