
Har bir viloyat va tumandagi Xalq qabulxonasiga hokimning o‘zi rahbarlik qiladi
16.06.2025 | 13:3015132
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalq qabulxonalari tizimidagi kamchiliklar va natijasiz faoliyatni tanqid qilib, unda ishlayotgan barcha xodimlarni bugundan boshlab ishdan bo‘shatish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ularni fidoyi, muammoga yechim bera oladigan yangi kadrlar bilan almashtirish belgilandi.

Yangi tizimga ko‘ra, endilikda har bir viloyat va tumandagi Xalq qabulxonasiga hokimning o‘zi rahbarlik qiladi. Prezident ta’kidlaganidek, hokimlar har kuni ish kunini aynan xalq qabulxonasida boshlab, aholi dardi va tashvishlarini tinglashi shart.
«Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan, shu yerning o‘zida hal qilish kerak», — dedi Prezident qat’iy ohangda.Bu maqsadda tuman hokimlarining vakolatlari kengaytirilib, masalalarni hal qilish uchun ularga qo‘shimcha resurslar ham ajratiladi. Bu orqali murojaatlarga nisbatan amaliy yondashuv kuchaytirilishi va aholi ishonchini qayta tiklash maqsad qilingan. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yangilangan Xalq qabulxonalari aholining haqiqiy dardini eshitadigan va yechim beradigan manbaga aylanishi shart.





