
Har kuzda shu berar yuz: talabalar stipendiyasi kechikmoqda
09.10.2025 | 19:0046167
O‘zbekistonda bir nechta oliygoh talabalari stipendiya ololmayotganini bildirmoqda. O‘zbekiston Milliy universiteti, Konservatoriya, Can’at va madaniyat instituti, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalaridan bu borada murojaatlar keldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Milliy universitet talabalarining stipendiyasi berilmayotgani yoki kechiktirayotgani haqida xabar tarqaldi. Murojaatda ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda bu tizimda uzilishlar kuzatilayotgani aytilgan.
«Biz rahbariyatdan ushbu masalaga e’tibor qaratishni, stipendiyalarni o‘z vaqtida to‘lash yoki kechikish sabablari haqida ochiq ma’lumot berilishini so‘raymiz. Talabalar jim emas — biz faqat adolatni va o‘z haqimizni talab qilyapmiz. Biz o‘qishdan charchamaymiz, faqat e’tiborsizlikdan charchayapmiz», — deyiladi murojaatda.Vaqt.uz vaziyatni oydinlashtirish maqsadida Milliy universitet talabalaridan so‘raganda, ular haqiqatdan ham stipendiya olmaganini tasdiqlashdi. Bu holat faqat Milliy universitetdagina emas, boshqa oliygohlarda ham shunday vaziyat kuzatilmoqda. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, San’at va madaniyat instituti, Toshkent davlat agrar universiteti talabalari ham hanuz stipendiya olmaganini ma’lum qilishdi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabasidan kelgan murojaatda esa talabalar «otangga bor, onangga bor» qabilida sarson bo‘lib yurganini aytishgan:
«So‘rasak, «bugun», «ertaga» deb haftalab aldab yurishyapti. Endi bahona — «zamdekan»ga aytib, tasdiqlasin, deydi. Dekan yoki uning o‘rinbosariga aytsak, hisobchiga bor, deydi. Ikkalasi bir-biriga to‘nkab yotibdi. Biz 5 kursmiz, stipendiya olishimizga nima to‘siq bo‘lyapti?», — deyiladi murojaatda.Boshqa universitet talabalari ham har o‘quv yili boshida stipendiyalar kechikishi an’anaviy holga aylanganini ta’kidlashmoqda. Murojaat bo‘yicha Vaqt.uz jurnalisti Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova bilan bog‘landi. U tez orada vazirlik tomonidan rasmiy munosabat bildirilishini ma’lum qildi. Talabalarga stipendiya qachongacha to‘lanishi kerak? O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan qarorga muvofiq, 2022 yil 1 maydan boshlab stipendiyalar har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtirilishi shart. Talabalar uchun stipendiyalar miqdori
| № | Stipendiya nomi va qo‘shimcha to‘lovlar | Stipendiya miqdori (bir oyda, so‘m) |
| 1 | O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi | 2 410 695 |
| 2 | Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibrohim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyalari | 1 607 130 |
| 3 | Davlat granti asosida, shuningdek, bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan, barcha fanlar bo‘yicha faqat “a’lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (reytingi 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan talabalar uchun stipendiya | 683 604 |
| 4 | Davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun bazaviy stipendiya va qizlar uchun maxsus stipendiya | 569 670 |
| 5 | 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar uchun stipendiya | belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi |
| 6 | Alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun qo‘shimcha to‘lov | belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foizgacha yuqori miqdorda nazarda tutiladi |
| 7 | To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar safiga kiruvchi talabalar uchun stipendiya | Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori (oshirilgan) |





