
«Hech narsadan afsuslanmayman»: ISHID jangarisi qatl oldidan intervyu berdi
21.08.2025 | 15:0019474
Somalida qo‘lga olingan ISHID jangarisi o‘limdan oldin ham qilmishidan afsuslanmaganini ochiq bildirdi.

24 yoshli Muthar Hamid Qoiyid Somalida ISHID safida qo‘mondon sifatida harakat qilgan, snayperlik va portlovchi qurilmalar tayyorlash bilan shug‘ullangan guruh tarkibida bo‘lgani uchun o‘q otish orqali qatlga hukm qilingan. U Sky News telekanaliga bergan so‘nggi suhbatida «men hech narsadan afsuslanmayman» deya ta’kidladi.
Muthar Hamid Qoiyid asli yamandlik bo‘lib, dengiz yo‘li orqali Somaliga kelgan.
«Men portlovchi qurilma tugmasini bosmaganman. Faqat qarab turganman. Bombani boshqa odam yasab, uni portlatgan. Men musulmonlarni o‘ldirish uchun bu yerga kelmaganman. Hech narsadan afsuslanmayman. Hozir xonadan olib chiqib otib tashlasangiz ham, men afsuslanmayman. Meni otishsa yoki osishsa ham farqi yo‘q. Oxir-oqibat menga bari bir», degan u jurnalistlarga jilmayib.
ISHIDning Somali shimolidagi Puntland hududidagi g‘orlarida xorijiy pasportlar, jumladan Janubiy Afrika, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Venesuela va Bahrayn fuqarolari, hatto bolalarning ham hujjatlari topilgani ma’lum qilindi. So‘nggi harbiy amaliyotlarda 600 jangari yo‘q qilingan bo‘lib, ularning atigi besh nafari mahalliy somaliliklar bo‘lgani qayd etilmoqda.
Shuningdek, jurnalistlar yana bir jangari — marokashlik Usmon Bukukar Bin Fuad bilan ham suhbatlashdi. «Men terrorchilik tashkiloti tomonidan aldanib, faqatgina pul ishlab topish uchun Somaliga keldim. Buning o‘rniga men g‘or qazishga majbur bo‘ldim. Qochish qiyin edi, lekin ular menga Puntland kuchlarini o‘ldirish uchun o‘z jonimni portlatadigan jilet kiyishni buyurganida, «bu menga va’da qilgan ishingiz emas» dedim va qochdim», deydi u.
Uning ma’lumoticha, Puntlanddagi ISHID yetakchisi Abdul Qodir Mo‘minning asosiy rejasi «Somalidan boshlab, keyin Efiopiya va qolgan dunyoni bosib olish» bo‘lgan. Fuad bu haqda ko‘p marta gap-so‘zlar eshitganini ta’kidladi.
ISHID ekstremistik guruhi hozirda jahonning ko‘plab mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan «terrorchi tashkilot» sifatida tan olingan.





