
Helsinkida bir yildan buyon o‘lim bilan tugagan birorta avtohalokat qayd etilmadi
01.08.2025 | 09:2013884
Finlandiya poytaxti Helsinkida 2024 yil iyulidan beri halokatli YTH sodir bo‘lmagan. Mutaxassislar bu natijani harakat tezligini cheklash, piyoda va velosipedchi infratuzilmasini yaxshilash hamda qat’iy nazorat tizimi bilan bog‘lashmoqda.

So‘nggi 12 oy ichida qarib 700 ming aholi istiqomat qiladigan Helsinki shahrida avtohalokat tufayli birorta ham o‘lim qayd etilmagan. Bu haqda shahar ma’muriyati va politsiya ma’lum qildi. Ular bu holatni misli ko‘rilmagan natija sifatida baholamoqda. 2022–2026 yillar uchun tuzilgan «Yo‘l harakati xavfsizligi strategiyasi» aynan shunday natijaga yo‘naltirilgan edi.
Bu muvaffaqiyatga erishishdagi asosiy omillardan biri — tezlik cheklovlarining kamaytirilishi bo‘ldi. Hozir Helsinki ko‘chalarining yarmidan ko‘pida harakat limiti 30 km/h etib belgilangan. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan maktablar atrofida ham shunday cheklov joriy qilinadi.
Shaharda piyoda va velosiped harakati uchun infratuzilma jiddiy yaxshilandi. Yo‘l kesishmalari va piyoda yo‘laklari yanada xavfsiz shaklga keltirildi. Avtomatlashtirilgan kameralar, yo‘l politsiyasi bilan hamkorlik ham xavfsizlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, jamoat transportning rivojlangani shaxsiy avtolarga ehtiyojni kamaytirayotgani qayd etildi.
Yo‘llardagi yangi texnologiyalar ham avariyalar oqibatini yengillashtirishga yordam bermoqda. Masalan, avtomobillardagi tormoz tizimi va xavfsizlik uskunalari sezilarli darajada takomillashgan.
Shahar muhandisi Roni Utriaynen fikricha, bu natija barcha ishtirokchilarning jamoaviy harakati tufayli amalga oshgan. Shu bilan birga, elektrosamokatlar yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ammo so‘nggi besh yilda ular uchun ham alohida qoidalar va yechimlar joriy qilindi.
Helsinki Yevropaning Vision Zero dasturini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu strategiyaga ko‘ra, 2050 yilga qadar yo‘llarda halokatli avtohalokatlar sonini nolga yetkazish rejalashtirilgan. Shahar bu maqsad har bir transport va xavfsizlik qaroriga ta’sir qilishi kerak, deb hisoblaydi.





