
Hind rupiyasi 2025 yilda Osiyoning eng zaif valyutasiga aylandi
AQSH tariflari, Rossiya urushining oqibatlari va kapital qochishi rupiya kursini keskin pasaytirib, Hindiston regulyatorlarini qiyin tanlov oldida qoldirdi.

Bloomberg agentligining tahliliga ko‘ra, 2025 yil Hindiston rupiyasi uchun so‘nggi yillarning eng murakkab davriga aylandi. AQSHning yuqori tariflari, Rossiyaning Ukrainadagi urushi, xorijiy kapital oqimining keskin kamayishi va joriy hisobvaraq taqchilligi rupiyani Osiyodagi eng zaif valyutaga aylantirdi. Hindiston fond bozoridan 16,3 mlrd dollarlik investitsiya chiqib ketgani valyutaning bosim ostida qolishida asosiy omillardan biri bo‘ldi.
AQSHning Hindiston mahsulotlariga joriy etgan tariflari, shuningdek, Rossiyadan energiya manbalari va qurol-yarog‘ xaridlari uchun sanksiya xavfi investorlarda xavotir uyg‘otdi. Ekspertlar fikricha, agar vaziyat o‘zgarmasa, rupiya 2022 yildan beri kuzatilgan eng katta yillik pasayishni qayd etishi mumkin. O‘sha yili neft narxi 100 dollardan oshib ketishi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba bergan edi. Hindiston iste’mol qilayotgan neftning taxminan 90 foizini import qiladi.
Bloomberg Economics ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston Zaxira banki iyul oyidan buyon valuta intervensiyalari orqali 30 mlrd dollardan ortiq zaxira sotgan va shundan keyingina rupiyaning yana bir minimumi oldi olingan. Biroq 21-noyabrda valuta 1 dollarga 89,48 rupiya darajasiga tushgani regulyatorning himoyani to‘xtatganiga ishora qilmoqda.
Rupiyaning arzonlashuvi ikki xil ta’sir ko‘rsatmoqda. Bir tomondan, eksportchilarning raqobatbardoshligini oshiradi va xorijda ishlovchilar pul o‘tkazmalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkinchi tomondan esa import xarajatlarini — neft, o‘g‘it va elektronika narxlarini keskin qimmatlashtirmoqda. Bu esa inflatsiya xavfini yanada kuchaytirib, iqtisodiy siyosatda murakkab tanlovlarni talab etmoqda.
Sentyabr oyida rupiya dollarga nisbatan o‘z tarixidagi eng past ko‘rsatkichga tushdi. Bunga AQSHning 50 foizlik yangi tariflari va ularning Hindiston iqtisodiy o‘sishiga zarar yetkazishi mumkinligi haqidagi investor xavotirlari sabab bo‘lgan.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, rupiya inqirozi AQSHning yangi savdo siyosati global valuta bozorlariga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Kapital oqimining keskin qisqarishi Hindistonni Vashington bilan muzokaralarda muvozanatli yondashuv izlashga majbur etmoqda.





