
Hindiston Tramp tahdidiga qaramay Rossiya neftini sotib olishda davom etadi
03.08.2025 | 11:102714
Hindiston hukumati Rossiyadan neft importini to‘xtatmasligini ma’lum qildi. Bu qaror AQSH prezidenti Donald Trampning tahdidiga — Rossiya bilan savdo qiluvchi mamlakatlarga nisbatan ikkinchi darajali sanksiyalar qo‘llashga doir bayonotiga qarshi qilingan rasmiy pozitsiyadir.

The New York Times manbasiga ko‘ra, Hindiston hukumati Rossiyadan neft sotib olishni cheklash yoki to‘xtatish bo‘yicha mahalliy kompaniyalarga hech qanday ko‘rsatma bermagan. Mamlakat hamon Rossiya neftining eng yirik xaridori bo‘lib qolmoqda.
Tramp 14 iyul kuni agar Moskva 50 kun ichida Ukrainadagi urushni to‘xtatmasa, Rossiyadan energiya xarid qilayotgan mamlakatlarga 100 foizlik boj to‘lovlari joriy etilishini aytgan edi. 29 iyul kuni esa u bu muddatni 10 kunga qisqartirdi. Sabab sifatida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning kelishuvlarga rioya qilmasligi va urushni yanada avjiga chiqarayotganini keltirdi.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, AQSH bosimi ortishi fonida Hindiston rasmiylari milliy neft kompaniyalariga muqobil ta’minot manbalarini ko‘rib chiqishni tavsiya etgan. Bu natijada to‘rtta yirik NQIZ — Indian Oil Corp, Hindustan Petroleum, Bharat Petroleum va Mangalore Refinery Rossiya neftdan vaqtincha voz kechgan.
Shu bilan birga, Tramp Hindistonga nisbatan import bojlarini 25 foiz qilib belgilanishini e’lon qildi. Bu muzokaralar to‘xtab qolgani va mamlakatning qishloq xo‘jaligi bozoriga kirish masalalari yechilmagani bilan izohlandi.
Tramp matbuot anjumanida: «Menga ma’lum bo‘lishicha, Hindiston endi Rossiyadan neft sotib olmaydi. Bu to‘g‘rimi-yo‘qmi bilmayman, lekin agar shunday bo‘lsa, bu yaxshi ish», — degan.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng Hindiston Rossiya nefti xaridini qariyb noldan boshlab, butun importining uchdan bir qismigacha yetkazdi. Rossiya past narxlar taklif qilgan va bu mamlakat uchun foydalik shartnoma hisoblangan.





