add

Hindistonda halokatga uchragan Boeing’dan faqat bir kishi tirik qoldi

13.06.2025 | 08:1515403

Ahmadobodda halokatga uchragan Boeing 787 uchog‘ida faqatgina 40 yoshli britan fuqarosi Vishvash Kumar Ramesh omon qoldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fojeadan avval uchoqda kuchli shovqin eshitilgan.

Hindistonda halokatga uchragan Boeing’dan faqat bir kishi tirik qoldi
Hindistonning Ahmadobod shahrida halokatga uchragan Boeing 787-8 Dreamliner uchog‘ida birinchi bo‘lib topilgan tirik inson — Buyuk Britaniya fuqarosi Vishvash Kumar Ramesh bo‘ldi. Bu haqda Hindustan Times nashri xabar berdi. Omon qolgan yo‘lovchining aytishicha, uchoq havoga ko‘tarilganidan 30 soniya o‘tib «juda kuchli ovoz» eshitilgan va shundan keyin «uchoq yerga kelib urilib, portlagan». Rameshning tushuntirishicha, hushiga kelgan payti atrofida faqat jasadlar bo‘lgan, u qattiq qo‘rqib, zudlik bilan ko‘zlarini ochib yugurgan. Bir kishi uni to‘xtatib, «Tez yordam» mashinasiga o‘tqazgan va shifoxonaga jo‘natgan. Ani agentligi Ahmadoboddagi halokat joyidan bir kishi tirik topilganini avvalroq xabar qilgan edi. Politsiya komissari ma’lum qilishicha, Vishvash Kumar Ramesh 11A o‘rindig‘ida topilgan. Halokatga uchragan uchoq sahnida jami 242 kishi bo‘lgan — 230 nafar yo‘lovchi, 2 nafar uchuvchi va 10 nafar bort kuzatuvchisi. Yo‘lovchilar orasida 169 nafari Hindiston, 53 nafari Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan. Uchoqda yana 7 nafar portugaliyalik va 1 nafar kanadalik ham bo‘lgan. Bundan tashqari, yerda ham halok bo‘lganlar bor. Aviahalokatning umumiy qurbonlari soni 315 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda New Indian Express nashri. Bundan tashqari, Hindustan Times ma’lumotiga ko‘ra, uchoqda Gudjarat shtati sobiq rahbari Vidjay Rupani ham safar qilgan. Hozircha halokatning aniq sabablari aniqlanmagan. Tergov ishlari boshlangan. Hindiston rasmiylari va xalqaro aviatsiya mutaxassislari birgalikda holatni o‘rganmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Hindistonda halokatga uchragan Boeing’dan faqat bir kishi tirik qoldi | Vaqt.uz