add

Hindistondan Rossiyaga rekord miqdordagi migrantlar bordi

23.01.2026 | 14:453 daqiqa

2025 yilda Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 56,5 ming nafar Hindiston fuqarosi taklif etilgan, bu oldingi yildagi 36,2 mingga nisbatan ancha ko‘p.

Hindistondan Rossiyaga rekord miqdordagi migrantlar bordi

2025 yilda Rossiya hukumati Hindiston va Bangladesh fuqarolariga oxirgi to‘qqiz yil ichidagi eng ko‘p ishlash ruxsatnomalarini berdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi statistikasiga tayanib, «Verstka» nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 56,5 ming nafar Hindiston fuqarosi taklif etilgan, bu oldingi yildagi 36,2 mingga nisbatan ancha ko‘p. Bangladeshdan esa 2025 yilda 9,3 ming kishi ishlash uchun Rossiyaga borgan bo‘lib, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,8 mingni tashkil etgan edi. Har ikki ko‘rsatkich ham kamida 2017 yildan beri rekord darajaga yetdi.

«Turkmaniston fuqarolari uchun ishlash ruxsatnomalari soni 2,5 barobardan ko‘proqqa oshib, 25 mingtaga yetdi. O‘zbekiston fuqarolari uchun bu ko‘rsatkich besh barobarga oshib, 2,3 mingtaga, Tojikiston fuqarolari uchun esa qariyb uch barobarga oshib, 263 tani tashkil qildi. Shuningdek, Xitoy fuqarolariga Rossiyada ishlashga ruxsat berilganlar soni taxminan 50 foizga oshib, 92 ming nafarga yetdi. Umuman olganda, 2025 yilda chet el fuqarolariga berilgan ishlash ruxsatnomalari soni 240 mingtaga yetdi, bu esa 2017 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich qariyb 42 foizga o‘sgan», – deyiladi xabarda.

2026 yilda hukumat Hindiston, Xitoy, Malayziya, Bangladesh va Afrika davlatlaridan yanada ko‘proq mehnat muhojirlarini jalb etishni rejalashtirmoqda. Mehnat vazirligi qaroriga ko‘ra, ular uchun kvota 279 ming kishi etib belgilanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Vazirlikda tushuntirilishicha, 2026 yilda umumiy kvotaning 92 foizi sanoat korxonalari va yirik infratuzilma loyihalari uchun malakali ishchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi esa og‘ir mehnat sharoitida ishlaydigan malakasi past ishchilar, shuningdek, boshqa xodimlar – masalan, veterinar sanitarlar yoki hayvonlarni parvarish qilish bilan shug‘ullanuvchi ishchilardan iborat bo‘ladi.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Denis Manturov avvalroq Rossiya mehnat kuchi yetishmovchiligini qoplash uchun Hindistondan istalgan miqdorda muhojirlarni qabul qilish imkoniga ega ekanini bildirgan edi. Ukrainadagi urush sababli mehnat resurslari tanqisligi yuzaga keldi: 300 ming kishi safarbar qilinib frontga yuborildi, yana taxminan 1 million kishi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, janglarda ishtirok etish uchun ketdi, 600 mingdan 1 milliongacha odam esa mamlakatni tark etdi. Bu esa ishsizlik darajasining rekord darajada past bo‘lishiga olib keldi – o‘tgan yil noyabr oyida u 2,1 foizga tushdi. Oliy iqtisodiyot maktabi baholashicha, hozir iqtisodiyotga 2,6 million ishchi yetishmayapti, 2030 yilga borib esa bu tanqislik 3 million kishidan oshib ketishi mumkin.

Dehlidagi mehnat bilan ta’minlash tuzilmalari yaqin oylarda kamida 40 ming nafar hindistonlik ishchi Rossiya bozoriga kirib borishi, asosiy yo‘nalishlar — Moskva, Sankt-Peterburg va ular atrofidagi hududlar bo‘lib, bu yerlarda ishchi kuchiga talab eng yuqori darajada saqlanib qolayotganini ma’lum qilgandi.

Rossiya prezidentining barqaror rivojlanish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili Boris Titov o‘tgan yili Rossiyaning «RIA Novosti» davlat axborot agentligiga bergan intervyusida 2026 yilda Rossiyaga kamida 40 ming nafar Hindiston fuqarosi ishga kelishi kerakligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, Hindistonning Moskvadagi elchisi Vinay Kumarning agentlikka bergan izohiga ko‘ra, 2025 yil yakuniga kelib Rossiyada allaqachon 70 mingdan 80 minggacha Hindiston fuqarolari mehnat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid