
Hisorakda yangi kichik GES ishga tushirildi
20.06.2025 | 13:008913
Shahrisabz tumanidagi Hisorak suv ombori hududida yana bir kichik gidroelektr stansiyasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu loyiha O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilgan yangi Hisorak kichik GESi bilan tanishdi. Quvvati 3,5 MVt bo‘lgan ushbu stansiya yiliga o‘rtacha 17,5 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu 7 300 ta xonadonni barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlash imkonini beradi. GES to‘liq mahalliy imkoniyatlar hisobidan barpo etilgan va qurilishga 1,5 mln dollar sarflangan.
Yangi ob’ekt orqali yiliga 5 million metr kub tabiiy gaz tejalishi kutilmoqda. Hisorak suv omborining mavjud gidro imkoniyatlari yanada samarali foydalanila boshladi. Bu hududda 1987 yilda qurilgan va 45 MVt quvvatga ega asosiy GES ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, kelgusi ikki yilda umumiy quvvati 12 MVt bo‘lgan 416 ta kinetik turbinali mikro GES qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyiha suvdan unumli foydalanishni ta’minlab, kanal va ariqlardagi oqimdan energiya ishlab chiqarishni nazarda tutadi.
Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida 49 MVt umumiy quvvatga ega 3 ta GES ishlab turibdi. Yaqin istiqbolda viloyat aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 15 foizini gidroenergetika hisobidan qoplash ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi sakkiz yilda mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi ishlab chiqarish 38 foizga oshgan va 81,5 mlrd kVt/soatga yetgan. Joriy yilda esa 24,7 MVt quvvatga ega 5 ta yangi kichik GES ishga tushirilishi belgilangan.





