add

Hokimlar har besh yilda rotatsiya bo‘ladigan model joriy etiladi

Bugun 11:181462 daqiqa

Prezident farmoni bilan 2026 yildan 33 tumanda pilot tarzda natijaga asoslangan boshqaruv tizimi va rahbarlar rotatsiyasi amaliyoti joriy qilinadi.

Hokimlar har besh yilda rotatsiya bo‘ladigan model joriy etiladi

Prezidentning «Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–243-sonli farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi. Yangi tuzilma davlat boshqaruvida natijaviy yondashuvni shakllantirish va uni tizimli tatbiq etish bilan shug‘ullanadi.

Farmon asosida 2026 yil 1-yanvardan «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomi berilgan 33 ta hududda natijaga asoslangan boshqaruv tizimi tajriba-sinov tarzida joriy etiladi. Davlat organlari faoliyati uchun maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar agentlik tomonidan shakllantirilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bu tizim orqali idoralarning samaradorligi «samaradorlik.gov.uz» elektron platformasida ochiq baholanadi.

Agentlik natijaviy boshqaruv modelini ishlab chiqish, uning joriy etilishini muvofiqlashtirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va davlat xizmati lavozimlariga qabul jarayoniga zamonaviy usullarni joriy etish bilan shug‘ullanadi. Tanlovlarda zaruratga ko‘ra qo‘shimcha bosqichlar belgilanishi mumkin.

Farmonda davlat organlari vazifalari birinchi marta 5 darajaga ajratildi. Xususan, konstitutsiyaviy va milliy daraja, respublika ijro hokimiyati darajasi, hududiy daraja, tuman (shahar) darajasi va mahalla darajalari shular jumlasidandir. Bu davlat boshqaruvi tizimini aniq tartibga solish va mas’uliyatni manzilli taqsimlashni nazarda tutadi.

2026 yildan pilot hududlarda rahbar kadrlar uchun rotatsiya tizimi ham joriy etiladi. Unga ko‘ra, tuman (shahar) hokimi, uning o‘rinbosarlari va respublika ijro hokimiyati idoralari bo‘linma rahbarlari har 5 yilda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri doirasida boshqa tumanga rotatsiya qilinadi.

Rotatsiya jarayoni agentlikning «hrm.gov.uz» elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Yangi hududga o‘tgan rahbarlar iqtisodiy va ijtimoiy holat bo‘yicha intensiv o‘quv kurslaridan o‘tadi. Ular faoliyati agentlik tomonidan onlayn rejimda monitoring qilib boriladi.

Islohotlar davlat xizmatida samaradorlik, hisobdorlik va kadrlar malakasini oshirishni maqsad qilgan bo‘lib, yurt miqyosida boshqaruv sifatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid