
Hokimliklar xodimlariga haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi
08.08.2025 | 21:3025983
2025 yil 1 avgustdan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishda KPI va lavozim darajasi asosida to‘lovlar hisobga olinadi.

7 avgust kuni qabul qilingan PF–129-sonli Farmonga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) hokimliklarining boshqaruv xodimlari uchun mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimi yangilanadi.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari boshqaruv xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi.
Bunda xodimlarning lavozim maoshi yagona tamoyil asosida mehnatga haq to‘lashning yangilangan tarif setkasi hamda ko‘p yillik xizmati va lavozimini inobatga olgan holda tabaqalashgan tarif koeffitsiyentlari asosida shakllantiriladi.
Rag‘batlantirish to‘lovlari boshqaruv xodimlari tomonidan erishilgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida har oylik ustama, malaka (martaba) darajalari uchun va hisobot davri yakunlari bo‘yicha rag‘batlantirish (bonus) to‘lovlari shaklida to‘lanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlarining mehnatiga haq to‘lash faqat mazkur Farmonda belgilangan shartlarda amalga oshirilib, Farmonda ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar to‘lash taqiqlanadi.
2025 yil 1 avgustdan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
▪️ lavozim maoshi;
▪️ eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishganligi uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar;
▪️ malaka (martaba) darajalari uchun to‘lovlar;
▪️ mukofotlash hamda bonus to‘lovlari.





